Farzandingizga kitob sovg‘a qilganmisiz?
Respublika miqyosida o‘tkazib kelinayotgan “Eng kitobxon maktab” loyihasi Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumaniga ham yetib keldi.
Respublika miqyosida o‘tkazib kelinayotgan “Eng kitobxon maktab” loyihasi Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumaniga ham yetib keldi. Tumandagi 131-maktabda loyiha doirasida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Ayritom qishlog‘idagi ushbu umumta’lim maktabi tumanning eng chekka hududida joylashgan ta’lim muassasalaridan hisoblanadi. Tashkil etilgan kitobxonlik kechasi maktabning ilmga chanqoq o‘quvchilari uchun ayni muddao bo‘ldi.
– Adabiyotga, san’atga qiziqaman, – deydi maktabning 6-sinf o‘quvchisi Muslima Moylieva. – She’rlar yozib turaman. Shu bois kitob o‘qish eng sevimli mashg‘ulotim. Maktabimiz kutubxonasida ko‘plab badiiy kitoblar jamlangan. Darsdan bo‘sh vaqtimizda doim ulardan foydalanamiz. Bugun maktabimizda o‘tkazilgan kitob yarmarkasidan xursand bo‘ldim. Masalan, men Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar” romanini xarid qildim. Bu asarni bir necha bor o‘qiganman, ammo qayta-qayta o‘qigim kelaveradi.
Davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan aholini, ayniqsa, yosh avlodni kitobxonlikka jalb etish borasidagi ishlar respublikamiz bo‘ylab, keng miqyosda olib borilmoqda. “Eng kitobxon maktab” loyihasi tashabbuskorlari “Kitob dunyosi tarmoq savdo markazi” mas’uliyati cheklangan jamiyati mas’ullari ham mana shunday ezgu maqsadni ko‘zlab olis qishloq maktablarida kitobxonlik kechalari, kitob yarmarkalari tashkil etmoqda. O‘quvchi-yoshlar buni yuqori mamnuniyat bilan qarshi olmoqda.
– Ushbu kitob yarmarkasining tashkil etilgani bir ota sifatida menda katta taassurot qoldirdi, – deydi Muxtor Hayitov. – Sababi qishlog‘imizda katta-katta bozorlar, mahsulotlar yarmarkalari bo‘lib o‘tadi, ammo kitob yarmarkasi sira tashkil etilmagan. Kitob do‘konlari tuman markazida sanoqli. Shu bois farzandlarimga hech kitob sovg‘a qilmagan ekanman. Bugun 30 dona badiiy kitob sotib oldim. Axir ularning bilimli, salohiyatli bo‘lishi biz ota-onalarning faxrimiz emasmi? Bu kabi yarmarkalar ko‘payishi tarafdoriman.
Ta’kidlash lozimki, ayni paytda 931 nafar o‘quvchi tahsil olayotgan ta’lim dargohida o‘quvchilarning puxta bilim olishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Xususan, zamonaviy axborot texnologiyalari bilan ta’minlangan kompyuter, chet tili xonalari, barcha sport inventariga ega sport zallari o‘quvchilar ixtiyorida.