Farovonlikning muhim omili
Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, xususiy sektorning iqtisodiyotdagi ulushini yanada oshirish, soha taraqqiyotiga yo‘naltirilgan turli imtiyoz va preferensiyalar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, xususiy sektorning iqtisodiyotdagi ulushini yanada oshirish, soha taraqqiyotiga yo‘naltirilgan turli imtiyoz va preferensiyalar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.Prezidentimizning 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va unga muvofiq bir qator qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgani bunda muhim ahamiyat kasb etayotir.
Navoiy viloyatida bunday imkoniyat va imtiyozlardan foydalangan holda yangi korxona va tarmoqlar tashkil etilmoqda. Ayni paytda viloyatda 7 mingdan ortiq kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti faoliyat ko‘rsatmoqda.
– Uchquduq tumanida tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, ishlab chiqarish tarmoqlari faoliyatini takomillashtirish orqali aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotir, – deydi Uchquduq tumani hokimligi iqtisodiyot bo‘limi boshlig‘i Farrux Bafoyev. – Bu maqsadlar uchun tijorat banklari tomonidan 2 milliard so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘i ajratildi. Tadbirkorlarning murojaatlari tegishli mutaxassislar ishtirokida ko‘rib chiqilib, “bir darcha” tamoyili asosida ijobiy hal etilayotir. Tuman hokimi raisligida har juma kuni tashkil etilayotgan “Tadbirkorlar kuni” tadbirida soha rivojiga to‘siq bo‘layotgan muammolar va ularni bartaraf etish masalalari muhokama qilinmoqda. Xususiy sektor vakillariga qulaylik yaratish maqsadida tuman hokimligi, soliq, bank, statistika, arxitektura, yer resurslari, elektr tarmoqlari, gaz idoralari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa tegishli tashkilotlarning “Ishonch” telefonlari ro‘yxati aholi gavjum hududlarga joylashtirilgani yaxshi samara bermoqda.
Sanoat, xizmat ko‘rsatish va servis, qishloq xo‘jaligi sohalarini izchil rivojlantirish ham doimiy e’tiborda. Xususan, 2015-2016-yillarda mazkur sohalarni taraqqiy ettirish maqsadida 4,5 milliard so‘mlik 143 loyihani amalga oshirish bo‘yicha dastur tasdiqlangan. 2015-yilning o‘tgan davrida qurilish materiallari, mebel va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha 18 loyiha amaliyotga tatbiq etilishi natijasida 70 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi. Yangi tashkil etilgan 48 xizmat ko‘rsatish obyektida 74 nafar yosh ish bilan ta’minlandi. Bozorda mahsulot turini oshirish, tannarxini arzonlashtirish maqsadida chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik tarmoqlarida 660 million so‘mlik 8 istiqbolli loyiha amalga oshirilib, 25 yosh mutaxassis doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.
Tumanda bo‘sh turgan obyektlardan samarali foydalanish, ularni tadbirkorlarga nol qiymatda sotish, jumladan, foydalanilmay turgan 27 obyekt o‘rnida kelgusida istiqbolli korxonalar tashkil etish borasida ham salmoqli ishlar qilinmoqda.
Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli Shimoliy kon boshqarmasi umumiy ovqatlanish kombinati balansida bo‘lgan kolbasa ishlab chiqarish sexi bir yilda 500 million so‘m investitsiya kiritish hamda 15 yangi ish o‘rni yaratish sharti bilan “Elit Trans Zarafshon” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga nol qiymatda berildi. Ayni paytda bu yerda ish qizg‘in. Shuningdek, Shimoliy kon boshqarmasi tasarrufida bo‘lgan sobiq “Kometa” kinoteatri o‘rnida “Best Drem Invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan muhtasham Savdo markazi qurilishi boshlab yuborilgan.