Farmon targ‘ibotiga bag‘ishlandi
Buxoroda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat Kengashi deputatlari, Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi Buxoro viloyati xodimlari, viloyatdagi nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Tadbirda Prezident Farmonida belgilangan fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha ma’lumot berildi.
So‘zga chiqqanlar farmonda nazarda tutilgan chora-tadbirlar mazmuniga alohida to‘xtalar ekan, ushbu Farmon qabul qilinishining ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.

– Fuqarolik jamiyati institutlari zamonaviy demokratik davlatni rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi, – deydi “Navqiron Buxoro” gumanitar tadqiqotlar markazi rahbari Feruz Bafoyev. – Ular nafaqat turli ijtimoiy guruhlarning manfaatlarini aks ettiradi, balki barqaror va demokratik jamiyat shakllanishiga ham yordam beradi. Shu nuqtai nazardan, fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning asosiy yo‘nalishlarini aniqlash ularning mamlakat hayotida faol ishtirok etishini ta’minlash uchun muhim ahamiyatga ega. Ya’ni, bu bilan resurslarning konsentratsiyasi ta’minlanib, ularning maqsadli va samarali ishlashi ehtimoli ortadi.
– Yurtimizda davlat va jamiyat qurilishida nodavlat notijorat tashkilotlarining roli hamda o‘rni kun sayin oshib bormoqda, – deydi viloyat “Zumrad” ayollar va yoshlar markazi rahbari Zumrad Kenjayeva. –Fuqarolik jamiyati institutlari davlatning ijtimoiy sherigi sifatida aholini keng qatlamlarining ijtimoiy va iqtisodiy faolligini qo‘llab-quvvatlashga, islohotlar samaradorligini ta’minlashga, demokratik o‘zgarishlar jarayoniga yanada keng jalb qilish muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, aholining keng qatlamlarini moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini qondirish hamda dolzarb muammolarni samarali bartaraf etishda NNT va fuqarolik jamiyatining munosib o‘rni bor.

Mazkur hujjat fuqarolik jamiyati institutlarining davlat va jamiyat boshqaruvidagi bevosita ishtiroki uchun yangi imkoniyatlar va ijtimoiy sheriklik institutini rivojlantirish bo‘yicha tashkiliy-huquqiy sharoitlar yaratib, davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati ta’sirchanligini oshirishga xizmat qiladi.
Muloqot tarzida o‘tgan tadbir yakunida farmonning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish va uning ijrosini samarali ta’minlanishida davlat organlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlarining hamkorligini faol yo‘lga qo‘yish masalalari bo‘yicha takliflar bildirildi.


Zarif Komilov, O‘zA muxbiri