Farmatsevtika: turkiyalik xalqaro ekspert bilan uchrashuv o‘tkazildi
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov hamda turkiyalik xalqaro ekspert Hasan Bag‘ji bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
Hasan Bag‘ji Turkiya Sog‘liqni saqlash vazirligida, Monitoring va Baholash bo‘yicha Koordinatsiya bo‘limi direktorligi lavozimida ishlagan, so‘ngra BMT Taraqqiyot Dasturida (UNDP) faoliyat olib borgan. Hozirda esa o‘zining “Cern ArGe Klinik Araştırmalar Medikal Yönetim Elektronik Yazılım Danışmanlık Ltd. Şti.“ kompaniyasini boshqarib kelmoqda.
Uchrashuvda Agentlik direktori O‘zbekistonda farmatsevtika sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, xalqaro hamkorliklar, Agentlik faoliyati va istiqbolli loyihalar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Uchrashuv davomida tomonlar farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildi. Asosan, referent narxlar, tartibga solish mexanizmlari va tibbiy sug‘urta tizimi kabi masalalar muhokama qilindi.
Hasan Bag‘ji, o‘z tomonidan ushbu mavzular bo‘yicha taqdimotlar va zarur hujjatlarni tayyorlab, keyingi uchrashuvlarda mazkur masalalarni chuqurroq muhokama qilish uchun taqdim etishni taklif qildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusida loyihalar ustida hamkorlikda ishlashni kelishib oldi.
M.Qosimova, O‘zA