Farg‘onalik o‘qituvchilar Yaponiyaga bordi
Ayni kunlarda Farg‘ona viloyatining bir guruh ta’lim sohasi vakillaridan iborat delegatsiya Yaponiyada bo‘lib, u yerdagi ilg‘or tajribalarni o‘rganmoqda.
Mamlakatimizda ta’lim sifatini oshirish, dunyodagi zamonaviy o‘quv dasturlari, o‘qitish metodikalarini o‘rganib, umumta’lim maktablarida joriy qilish bo‘yicha ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Farg‘ona viloyatida ta’lim va tarbiyani uyg‘un holda olib borib, bolalarni hayotga tayyorlashni asosiy maqsad qilgan Yaponiya ta’lim tizimini sinov tariqasida joriy etishga kirishilgan. Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi Farg‘ona viloyati delegatsiyasining 2022 yil 5-11 dekabr kunlari Yaponiyaga amaliy tashrifi doirasida Tokio shahridagi Fujimigaoka maktabida olib borilgan o‘rganishlar hamda muloqotlar natijasida bunga qaror qilingan edi. O‘tgan o‘quv yilidan viloyat bo‘yicha har bir shahar va tumandan tanlab olingan bittadan maktabda sinov tariqasida Yaponiya ta’lim tajribasi tatbiq etilyapti. Kunchiqar mamlakatdan Goto Mikako viloyat hokimining maslahatchisi sifatida faoliyat olib bormoqda.

Sinov tariqasida Yaponiya ta’lim tajribasi o‘rganilayotgan maktablarning o‘qituvchilari, direktorlaridan iborat Farg‘ona ta’lim sohasi delegatsiyasining tashrifi samarali bo‘lib o‘tmoqda. Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad umumiy o‘rta ta’lim maktablarida xalqaro ta’lim tizimidagi innovatsion yondashuvlarni va tajribalarni tatbiq etish, mamlakatimiz ta’lim tizimidagi mavjud IT, robotexnika, aniq fanlar sohalarida yangi bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirish hamda amaliyotga kiritishdan iborat.

Delegatsiya a’zolari O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasida bo‘lib, mazkur davlatning maktab ta’limi tizimi haqida ma’lumotga ega bo‘ldi. Tokioning Suginami tumanidagi “Koyendzi gakuen” boshlang‘ich maktabida bo‘lib, dars mashg‘ulotlarida ishtirok etdi. Ta’lim maskanida o‘quvchilar bilan ishlash, fanlarni o‘qitish jarayoni bilan tanishdi.

– Bu yerda ta’lim va tarbiyaning uyg‘unligiga muhim e’tibor qaratilishi katta taassurot qoldirdi, – deydi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Dolimov. – Suginami shahridagi Naritanishi bog‘chasida bo‘ldik. Yaponiyaning yutug‘i bog‘cha yoshidan bolalarni vatanparvarlikka o‘rgatish, kasbga qiziqtirish, o‘zligini anglash, qisqa qilib aytganda, hayotga tayyorlayotganida ekan. Shuningdek, delegatsiya a’zolari bilan birga ta’lim muassasalarida bevosita dars va mashg‘ulotlarni kuzatish imkoniyatiga ega bo‘lyapmiz.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri