Farg‘onalik Muhammadaziz mental arifmetika bilimdoni (+video)
Rishton tumani kulolchiligi bilan dunyoda dovruq qozongan bo‘lsa, endilikda iste’dodli yoshlari bilim va zakovati bilan ham barchani lol qoldirmoqda.
Tumandagi 27-ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktab –internatining 5-sinf o‘quvchisi Muhammadaziz Sodirov iqtidor egalaridan biri. U Ahmad Farg‘oniy, Al Xorazmiy kabi buyuk allomalarning munosib vorisi sifatida O‘zbekiston nomini jahonga tanitishni niyat qilgan.
Muhammadaziz yoshligidan matematika faniga qiziqdi. Ota-onasi uni Farg‘ona shahridagi mental arifmetika to‘garagiga berdi. Dastlab rus tilini yaxshi bilmaydigan bu bolaning kelajagiga befarq bo‘lishdi. Ammo undagi ishtiyoq aslo so‘nmadi. Buvisi Madina opa rus tili o‘qituvchisi bo‘lganligi juda qo‘l keldi. Rus tilini o‘zlashtirdi, mental arifmetikani ham qunt bilan o‘rgana boshladi. Mental arifmetika dasturini o‘rganish oson emas.
Bu o‘ziga xos dastur bo‘lib, u insonning intellektual hamda ijodiy faoliyatini rivojlantiradi. Bu orqali maxsus hisoblarni miyada bajarish osonlashadi. bugungi kunda miyaning har ikkala yarim sharini rivojlantiruvchi ushbu usul dunyoning ellikdan ortiq davlatida qo‘llaniladi. U tafakkur bilan ishlash, insonni hisob-kitob qilishga undaydi. Mental arifmetika bilan shug‘ullangan bolalar misollarni har qanday sharoitda tezlik bilan yecha oladi. Ularni haqiqiy aql sohibi deyish mumkin. Bu boshqa fanlarni o‘zlashtirishda ham muhim ahamiyatga ega.
Dastlab Muhammadaziz mamlakatimizda o‘tkazilgan tanlovlarda ishtirok etib, g‘olib bo‘ldi. Rossiya, Xitoyda o‘tkazilgan mental arifmetika bo‘yicha xalqaro musobaqalarda mutloq g‘olib bo‘ldi. Ayni kunlarda u Ispaniyadagi nufuzli musobaqaga tayyogarlik ko‘rmoqda. Muhammadazizning dadasi Akmaljon aka taksichilik bilan shug‘ullanadi. Onasi esa uy bekasi. Buvisining aytishicha, nevarasining chet ellarda o‘tkazilgan tanlovlarda ishtirok etishi uchun qarz olgan paytlar ham bo‘lgan. Hozirda Toshkentga qatnab, mental arifmetikaning mutaxassislaridan sir-sinoatini mukammal o‘rganmoqda. Shu bilan birga u ingliz tilini ham o‘zlashtirmoqda. Iqtidorli bu yosh qahramonimizning niyatlari yanada ulkan. U matematikani chuqur o‘rganib, olim bo‘lish harakatida.
<iframe width="886" height="657" src="https://www.youtube.com/embed/yjOBezhuq4g" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>
M. Sulaymonov, O‘zA