Farg‘onalik atletlar mamlakat kubogida yetakchi
Poytaxtimizdagi O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasida o‘tkazilgan mamlakat kubogi bahslari yakunlandi.
Kubok bahslarida yurtimizning turli hududlaridan kelgan yosh atletlar g‘oliblik uchun bahslashdi. Musobaqaning so‘nggi kunida 1500 metr masofaga yugurishda Sabohat Samijonova hamda Alisher Ahmatillayev g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, 3000 metrga to‘siqlar osha yugurishda Dilshoda Usmonova hamda Dilshod G‘ofurjonovga teng keladigani topilmadi.
Uzunlikka sakrashda Amir Nagayev musobaqa g‘olibiga aylandi. Langar cho‘pga tayanib sakrashda esa Habiba Abdurahmonova hamda Zahriddin Shokirov oltin medalga sazovor bo‘ldi. Uch hatlab sakrash bahslarida Hushnoza Shavkatova va Ibrohim Mahkamov shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi. Disk va bosqon uloqtirishda Dunyozod Sayfullayev va Elina Silyamiyeva barcha raqiblarini orta qoldirdi. 20 ming metrga sportcha yurishda Rasulbek Dilmurodov va Diana Yafasova marraga birinchi bo‘lib yetib keldi.
Shu tariqa, yengil atletika bo‘yicha o‘tkazilgan O‘zbekiston kubogida Farg‘ona viloyati 7 oltin, 3 kumush va 4 bronza jami 14 medal bilan mamlakat kubogini qo‘lga kiritdi. Kuchli uchlikdan esa Samarqand va Qashqadaryo viloyati jamoalari o‘rin oldi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA