Farg‘onaga xorijdan 5 ming bosh naslli mol olib kelinmoqda
Farg‘ona viloyatida 400 dan ziyod chorvachilik fermer xo‘jaliklari faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, joriy yilda 61 ta yangi loyiha amalga oshirilmoqda.
Chorvachilik yuqori darajada rivojlangan ko‘plab davlatlarda asosiy e’tibor mollarning bosh sonini ko‘paytirish bilan bir qatorda ularning mahsuldorligini oshirishga qaratiladi. Shundan kelib chiqqan holda, chorvachilikda yuqori natijalarga erishayotgan xorijiy davlatlar tajribasini o‘zlashtirish, chet eldan zotdor mollarni olib kelish borasida muayyan ishlar olib borilmoqda. Bu yil viloyatga 5 ming bosh naslli mollar xorijdan olib kelinayotgani ham soha rivojiga bo‘lgan e’tibordan dalolatdir.
Yozyovon tumanidagi “Agro Yozyovon” chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligida hozirda 150 bosh qoramollar parvarishlanyapti. 26 gektar yerda ozuqa ekinlari yetishtirilmoqda. O‘tgan yilda Avstriyadan 33 bosh naslli mollar olib kelindi hamda ularni ko‘paytirish, mahalliy sharoitga moslashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
-Chorvada baraka bor, -deydi fermer xo‘jaligi rahbari Dilbarxon To‘ychiyeva.-Ayniqsa, naslli mollardan samaradorlik nihoyatda yaxshi. Shu bois ham biz naslchilikka alohida e’tibor qaratyapmiz. Ayni kunlarda sutni qayta ishlash tarmog‘ini ishga tushirish harakatidamiz.
bugungi kunda tumanda 33 ta chorvachilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklar bor. Ularda 2 ming boshdan ortiq naslli qoramollar parvarishlanmoqda. “Umid”, “Chashmai Rayhona”, “Zarbuloq” kabi xo‘jaliklarda yaxshi tajriba yaratilgan bo‘lib, yildan-yilga chorva soni ko‘payib bormoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida tumanga xorijdan 200 bosh naslli mollar olib kelindi.