Farg‘onadagi beshta tumanda paxtadan mo‘l hosil olindi
Farg‘ona viloyatining Farg‘ona, Rishton, Yozyovon, Toshloq tumanidagi fermer xo‘jaliklari tomonidan paxtadan mo‘l hosil yetishtirilib, klasterlar bilan tuzilgan shartnoma ortig‘i bilan uddalandi. Birinchilar bo‘lib katta xirmon yaratgan klasterlar korxonalari yangi hosilni qayta ishlashni ham boshlagan.
Paxtachilikda o‘ziga xos boy tajribaga ega bo‘lgan Bag‘dod tumani dehqonlari paxta tayyorlash shartnomaviy rejasini bajardi. Joriy yilda tumanda 5 ming 200 gektar maydonda g‘o‘za parvarish qilinib, "Fergana Spinning" mas’uliyati cheklangan jamiyati paxtachilik-to‘qimachilik klasteri omborlariga 17 ming 500 tonnadan ziyod paxta hosili topshirildi. Muvaffaqqiyatning bosh sabablaridan biri Prezidentimiz tomonidan qishloq xo‘jaligining barcha tarmoqlarida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, tumanda klaster tizimi joriy etilganida, demoqda bag‘dodlik fermerlar.

Klaster korxonasi tomonidan fermer xo‘jaliklariga yonilg‘i-moylash mahsulotlari, mineral o‘g‘it va zarur texnik vositalar o‘z vaqtida yetkazib berildi. Terim mavsumida esa kundalik ish haqi to‘lash amaliyoti joriy etildi. Ilg‘or terimchilar, rejani muvaffaqiyatli ado etgan fermerlar sektor rahbarlari va klaster korxonasi tomonidan muntazam rag‘batlantirib borildi. Shuningdek, yig‘im-terim jarayoni otryad usulida, aniq hisob-kitoblarga tayangan holda samarali tashkil etilgani ham hal qiluvchi omillardan bo‘ldi.

Tumandagi "Hilola", "Xosiyatxon qizi Xadichaxon", "Islombek Muhammadaliyev", "A.Madaminov", "Mamadaliyev", "Buoyshaxon Qunduzova", "Nurmuhammad bog‘i", "Mash’al yer tolasi", "Muzaffar Hoshimov bog‘i", "Bag‘dod Shermat ota" kabi o‘nlab fermer xo‘jaliklari dala maydonlarida eng yaxshi ko‘rsatkichlarga erishilib, yetishtirilgan hosilning aksar qismi birinchi navda sotildi.

M. Sulaymonov, O‘zA