Farg‘onada yo‘l transport hodisalari nega ko‘paymoqda?
Svetoforning yashil chirog‘i yongan bo‘lsada, ehtiyotkorlik bilan o‘tish bugungi kun talabi bo‘lib qoldi.
Afsuski, yo‘l transport hodisalari oqibatida ro‘y berayotgan o‘limlar koronavirus bilan kasallanib vafot etayotganlardan ko‘p. Har kuni yo‘lda haydovchi yoki piyodaning aybi bilan mudhish voqealar yuz bermoqda. Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatsangiz xabarlarning aksariyati sodir etilayotgan yo‘l transport hodisalari haqida. Qaysidir oila yaqinlaridan ayrilmoqda, yanada kimlardir bir umr majruh bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa, o‘tgan yil may oyida Yozyovon tumani hududidagi A-373 xalqaro ahamiyatdagi yo‘lda sodir etilgan YTHda 6 nafar fuqaro – ikki oila vakillari vafot etgani, yana to‘rt kishi og‘ir tan jarohati olgani eshitganlarning qalbini junbushga keltirdi.
Darhaqiqat, bugungi kunda avtoulovlar ko‘payib, uzog‘imizni yaqin qilmoqda. Albatta, bu yaxshi. Tanganing ikkinchi tomoni bor. Yo‘llarda noxush holatlar ko‘payib bormoqda, bu barchamizni yanada sergak bo‘lishga undaydi. Yo‘l-transport hodisalarining oldi olinishi haydovchi va piyodalarning harakatlanish xavfsizligi qoidalarga rioya etishi bilan bog‘liq, albatta. Shuni unutmaslik kerakki, haydovchi nafaqat transport vositasining boshqaruvchisi, balki harakatlanish xavfsizligi uchun javobgar shaxs hamdir. Afsuski, ayrim haydovchilar ana shu javobgarlik va mas’uliyatni unutib qo‘yishi turli noxushliklarga olib kelmoqda. – Avtomashinaga o‘tirayotganingizda siz hayotingizni haydovchiga topshirasiz, – deydi Farg‘ona shahrilik Qobiljon aka Karimov.
– Afsuski, kirakashlarning aksariyati uquvsiz, malakasi kam. Yoki haydovchilik guvohnomasini sotib olgan. Yo‘llarda qo‘pol harakatlanishining o‘zi sizni vahimaga soladi. Jarima miqdorini ko‘paytirgani bilan yo‘l transport hodisalarini oldini olib bo‘lmaydi. Avvalo, haydovchilarni tayyorlash, o‘qitish tizimini qayta ko‘rib chiqish kerak. Madaniyatli haydovchilarni rag‘batlantirish zarur.
Piyodalarning yo‘l qoidalarini pisand etmaslik, beparvolik ko‘nikmasi ham bunga sabab bo‘lmoqda. 2021 yil 13 dekabr kuni Marg‘ilon shahar, U.Nosir ko‘chasida «Lasetti» rusumli avtomobilini boshqarib kelayotgan haydovchi M.Sh yo‘lidan to‘satdan chiqib qolgan yo‘lovchi K.M ni urib yubordi. Natijada piyoda «bosh miya og‘ir lat yeyishi, qorin bo‘shlig‘ining organlari travmasi, chap yelka sinishi» tashxisi bilan tan jarohati olib shifoxonaga yotqizildi. Bunga asosiy sabab esa K.M belgilab qo‘yilgan piyodalar o‘tish joyidan emas, aksincha, boshqa joydan yo‘lni kesib o‘tgan. Oqibatda o‘zining sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetgan.
Farg‘ona viloyatida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash borasida ko‘rilgan choralarga qaramasdan bu sohadagi jinoyatlarning yildan yilga ortib borishi kuzatilmoqda. 2021 yilda Farg‘ona viloyatida 1 ming 469 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan bo‘lib, shundan 234 ta holat o‘lim bilan yakunlangan. 1 ming 235 ta holatda fuqarolar turli darajada tan jarohati olgan. Odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari Farg‘ona, Qo‘qon shahri, Yozyovon, Oltiariq, Qo‘shtepa, So‘x, Quva, Dang‘ara, Furqat, Bag‘dod tumanlarida oshgan.
Qahhor (ismi o‘zgartirilgan) aka ishdan kech qaytadi. Bir soatlik yo‘lni velosipedda bosib o‘tishni yoqtiradi. Ketish uchun tayyorgarlik ko‘rayotgan edi, qo‘l telefoni jiringlab qoldi.
–Allo, o‘g‘lim, bugun havo sovuq, yo‘lovchi mashinada kelaqol.
– Xo‘p, ona harakat qilaman. Lekin oylik maoshini olmagani uchun ortiqcha xarajat qilgisi kelmadi. Doimgidek ertangi kun rejalarini o‘ylaganicha velosipedda ketardi. Qulog‘iga kuchli tezlikda kelayotgan mashina ovozi eshitildi. Qayrilib qarashga ulgurdi, xolos.
Qo‘shtepa tumanilik 26 yoshli Mirodil dadasining mashinasini minib, uydan chiqib ketgan edi. Katta tezlikda harakatlangani tufayli yo‘l chetidagi velosipedchini urib yubordi. Oqibatda Qahhor aka voqea joyida og‘ir tan jarohat olib vafot etdi. Uni uyda kutib o‘tirgan mushtipar onasi, turmush o‘rtog‘i va ikki qora ko‘z farzandlari, oila boshidan ayrildi. Birgina insonning yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga amal qilmagani oqibatida bolalar otasiz, ayol esa beva qoldi.
Viloyatda yo‘l transport hodisalarining yildan yilga ortib borishi sabablari tahlil qilindi. Uning natijasida bu kabi salbiy holatlarning kelib chiqishiga nafaqat yo‘l transport hodisasi ishtirokchilari, balki yo‘llarda mavjud muammolar ham o‘zining ta’sirini ko‘rsatayotgani ma’lum bo‘ldi. Xo‘sh, ular nimalardan iborat?
3 ming 600 kilomter masofadagi yo‘llarda yo‘l chiziqlarini chizish, 256 ta chorrahalar va 72 ta piyodalar o‘tish joylariga svetofor o‘rnatish, 280 ta chorrahalarga qoidabuzarliklarni qayd etishga mo‘ljallangan videokuzatuv kameralarini o‘rnatish, 61 ta avtomobil yo‘llariga statsionar tezlikni nazorat qiluvchi qurilmalar o‘rnatish, xalqaro va davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan 294 kilomter yo‘llarni yo‘nalishni ajratuvchi beton to‘siqlar bilan jihozlash lozim bo‘ladi.
Ayni kunlarda viloyatda bu borada amaliy ishlar boshlab yuborildi. Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha «Farg‘ona tajribasi» yaratilmoqda. Masalaning yana bir og‘riqli tomoni bor. Yoshlar, xususan, voyaga yetmaganlar yo‘l harakati qoidalaridan yaxshi xabardor emas. O‘quv muassasalari bilan ichki ishlar organlarining yo‘l harakati xavfsizligi xizmati o‘rtasida hamkorlik yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan.
Bolalarga yo‘llarda harakatlanish qoidalarining umumiy asoslari o‘rgatib borilmayotganligi baxtsiz hodisalarga sabab bo‘lmoqda. Viloyatda yo‘l transport hodisalari natijasida halok bo‘lgan fuqarolar salmog‘i qasddan sodir etilgan boshqa og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar oqibatida halok bo‘lgan shaxslarga nisbatan ko‘p bo‘lganligi inobatga olinib, yo‘l-transport hodisalarining oldini olishda zamonaviy va samarador usullarni qo‘llash va tizimni isloh qilish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi.
– Xususan, tezlikni me’yoridan oshirish oqibatida sodir etilishi mumkin bo‘lgan og‘ir oqibatli, o‘lim bilan bog‘liq yo‘l transport hodisalarini oldini olish maqsadida mobil fotoradar komplekslari o‘rnatilgan 13 ta «Neksiya-3» rusumli avtomobillar, 7 ta "AutoCon" rusumli fotoradarlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi, – deydi viloyat IIB YHXB axborot guruhi katta inspektori Elbek Qobilov. – Shuningdek, shahar hududlarida yo‘llardagi tirbandliklarni oldini olish uchun turli sabablarga ko‘ra to‘sib qo‘yilgan shahar ko‘chalari transport harakatiga ochib berildi. Serqatnov yo‘llarga 11 ta zamonaviy piyodalar o‘tish joyi qurilib, foydalanishga topshirildi. Aholi gavjum joylar, bozorlar, ta’lim muassasalari va jome’ masjidlari yaqinida 6 ta hududga zamonaviy quyosh panelli piyodalar va avtomobillar harakatini tartibga soluvchi ko‘chma svetofor texnik jamlanmalari o‘rnatildi. Viloyatdagi mahalliy hamda ichki xo‘jalik yo‘llaridagi ta’lim muassasalari, yirik savdo majmualari hamda ularga yaqin joylarga 103 ta sun’iy notekisliklar o‘rnatildi.
Albatta, hali bu yo‘nalishda qilinadigan ishlar ko‘p. Haydovchi ham, piyoda ham belgilangan qoidalarga amal qilsa, baxtsiz hodisalarning oldi olinadi. Siz har kuni ko‘chaga chiqarkansiz o‘limga ro‘baro‘ kelishingizni bir ko‘zingiz oldidan o‘tkazing.
Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA