Farg‘onada yana 300 nafar mobilograf va SMM chilar tayyorlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun Kontent tayyorlash markazi hamda Farg‘ona viloyati hokimligi hamkorligida “Yosh mobilograflar maktabi” va “SMM maktabi” loyihalari bitiruvchilari ishtirokida taqdimot bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari Xurshidjon Ahmedov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi mas’ul xodimi Rustamjon Xalilov so‘z olib, loyihalarning ahamiyati va ularning yoshlarni zamonaviy kasblarga yo‘naltirishdagi o‘rni haqida to‘xtalib o‘tdi.

“2025-2027-yillarga mo‘ljallangan ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va media platformalari uchun kontent tayyorlash hamda keng jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha dasturi” ijrosi doirasida yurtimizda “Mobilograflar maktabi” va “SMM maktabi” loyihalari amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasida bugunga qadar respublika bo‘yicha 10 ming nafardan ortiq yoshlar muvaffaqiyatli ta’lim olib, zamonaviy media sohasida faoliyat yuritish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Xususan, Farg‘ona viloyati hududida 200 nafardan ortiq SMM mutaxassisi, 100 nafardan ortiq mobilograflar tayyorlandi.

Tadbirda “Mobilograflar maktabi” va “SMM maktabi” faoliyati, o‘quv jarayonlari hamda ushbu dasturlar bitiruvchilari bo‘lgan farg‘onalik yoshlarning amaliy ishlari va erishgan natijalari taqdimot qilindi.
Davlat va xususiy sektor vakillariga loyiha bitiruvchilarining kasbiy salohiyatidan samarali foydalanish, ularni ish bilan ta’minlash hamda tashkilotlarning media faoliyati va ijobiy imijini yanada mustahkamlash bo‘yicha tavsiyalar bildirildi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA muxbiri