Farg‘onada xalqaro tennis turniri boshlandi
Farg‘onada o‘smirlar o‘rtasida Xalqaro tennis federatsiyasi musobaqalar taqvimidan joy olgan J100 tasnifiga kiruvchi «Fergana Cup» turniri boshlandi.
Xalqaro turnirning yakkalik bahslari birinchi davrasida Nuriddin Baxtiyorov neytral tennischi Yauxen Bursauni 7:6, 6:0, 6:4 hisobida taslim etdi va keyingi bosqichda Janubiy Koreya vakili Se Xyuk Cho bilan raqobatlashadigan bo‘ldi.
Qizlar o‘rtasidagi bahslarda hamyurtimiz Zlata Chinnova ilk bosqichda neytral tennischi Sofya Vedernikovani 6:4, 6:2 hisobida mag‘lub etdi. Hamda chorak final yo‘llanmasi uchun o‘tadigan o‘yinda neytral tennischi Zoya Levina va qozog‘istonlik Malika Amirgaliyeva uchrashuvi g‘olibi bilan raqobatlashadigan bo‘ldi. Yana bir tennischimiz Keira Kim nimchorak final yo‘llanmasi uchun o‘tgan uchrashuvda qozog‘istonlik Arujan Nuranboyevni 6:4, 6:1 hisobida yengdi. Endi u 1/8 finalda neytral tennischi Yekaterina Tupitsinani sinovdan o‘tkazadi.
Shuningdek, yosh iste’dodli raketka ustamiz Nigina Alimova birinchi davrada neytral tennischi Radmila Rahmatullina ustidan 6:3, 7:6 hisobida zafar quchdi. Shu tariqa, ikkinchi davraga yo‘l olgan Nigina navbatdagi bosqichda Xyun Ye Liga (Janubiy Koreya) qarshi kortga chiqadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA