Farg‘onada ommaviy sayyor qabullar boshlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.Islomov rahbarligidagi Respublika ishchi guruhi Farg‘ona viloyatida sud-huquq masalalari bo‘yicha ommaviy sayyor qabullar o‘tkazmoqda.
Barcha darajadagi rahbarlarning aholi bilan bevosita muloqotga kirishi, ayniqsa, sayyor qabullar orqali murojaatchilar huzuriga borishi xalqimizning adolatga, davlatga, ertangi kunga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, ochiq muloqotlarda ularni qiynayotgan muammolarga yechim topilib, dardu tashvishini yengillashtirishga ko‘maklashilyapti.
Xususan, joylarda adolat istayotgan, sud-huquq va boshqa masalalarda turli idoralarga arz qilayotganlar ko‘p. Fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida Prezident Administratsiyasi, Oliy sud, Sudyalar Oliy kengashi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi mas’ul rahbarlari ishtirokida viloyatning shahar va tumanlar aholisi uchun ommaviy sayyor qabullar boshlandi.
Farg‘ona shahar «Yangisoy» mahalla fuqarolar yig‘inidagi istirohat bog‘ining ochiq maydonida bo‘lib o‘tgan qabulning birinchi kunida Farg‘ona, Quvasoy shahri va Farg‘ona tumanidan kelgan fuqarolar murojaatlari tinglandi. 458 nafar fuqarolar qabul qilinib, 85 ta murojaat shu yerning o‘zida ijobiy hal etildi.110 nafar fuqaroga huquqiy maslahatlar, 34 nafariga tushuntirishlar berilib, 241 ta murojaat ijro uchun nazoratga olindi.
Oliy sud raisining o‘rinbosari I.Muslimov tomonidan 213 nafar fuqarolarning murojaati eshitilib, 99 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berildi. 48 ta murojaat joyida ijobiy hal etildi. 66 tasi bo‘yicha arizalar Oliy sud tomonidan kassatsiya tartibida hal qilish uchun qabul qilindi. Ularning barchasi qanoatlantirilib, tegishli sudlov hay’atiga ko‘rib chiqish uchun o‘tkazildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudi tomonidan 31 ta, jinoyat ishlari bo‘yicha Quvasoy shahar sudi tomonidan 4 ta, jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudi tomonidan 10 ta shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan oldin ozod qilindi. Shuningdek, 1 nafar shaxsga nisbatan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan aliment, 2 nafar shaxsga nisbatan ish haqini undirish undirish yuzasidan sud buyrug‘i chiqarilib, ijroga qaratildi.
[gallery-2143]
– Sudning hukmidan norozi bo‘lib, qabulga keldim, – deydi Farg‘ona shahrilik sobiq harbiy xizmatchi Olimjon Kamolov. – Hukm va ajrimlarni bekor qilib, oqlov hukmini chiqarish haqida shikoyat yozdim. Murojaatim qanoatlantirilib, Oliy sud tomonidan kassatsiya tartibida hal qilish uchun qabul qilindi. Adolat qaror topishiga ishonaman.
Odilxo‘ja Toshxo‘jayev «Farg‘ona agrokimyoximiya» hududiy aksiyadorlik jamiyatidan noqonuniy ishdan bo‘shatilgan bo‘lib, ikki yildan buyon sarson-sargardon yuribdi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudi uni ishga tiklash to‘g‘risida qaror chiqargan bo‘lsada, sud hujjatlari ijro etilmasdan kelinmoqda. U mazkur masalada Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqovaga murojaat qildi va masala o‘z yechimini topdi.
Prezidentimiz tomonidan odamlarning murojaatlariga quloq tutish har bir mutasaddi rahbarning oldida turgan eng muhim vazifalardan biri sifatida qo‘yilayotganida chuqur ma’no va xalqning turmushini yaxshilashga qaratilgan ezgu maqsad mujassam ekanligi ommaviy sayyor qabullar davomida o‘z ifodasini topmoqda. Nafaqat, sud-huquq, balki boshqa masalalardagi murojaatlar e’tiborsiz qoldirilmasdan unga yechim topilyapti. Buni aholining Prezidentimizga bildirayotgan tashakkurnomalaridan ham yaqqol bilish mumkin.
Viloyatning qolgan shahar va tumanlarida 24 aprelga qadar sayyor qabullar davom ettirilib, barcha aholi qamrab olinadi.
M. Sulaymonov,
M. Qodirov (surat), O‘zA