Farg‘onada nega qo‘y-echkilar soni kamaydi?
Aks-sado
Prezident raisligida o‘tgan videoselektordagi oziq-ovqat xavfsizligi va chorvachilikni rivojlantirish masalalari muhokamasi ortidan O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi tashkil etildi. Orif Bo‘tayev qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari – Agentlik direktori etib tayinlandi.
Xo‘sh, nega shunday agentlik tuzish shart bo‘lib qoldi? Buning bir necha sabablari ko‘rinadi.
Birinchidan, go‘sht va go‘sht mahsulotlari narxi o‘sishda davom etyapti. Uni to‘xtatish, pasaytirish choralarini ko‘rish lozim.

Ikkinchidan, chorva boshi soni kamayib boryapti. Masalan, Farg‘ona viloyat statistika boshqarmasi bergan ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil yanvar-mart oylari holatiga viloyatda barcha turdagi xo‘jalik toifalari tomonidan qo‘y va echkilar bosh soni 900,4 mingtaga yetdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan solishtirganda 94,3 foizni tashkil etdi. Huddi shunday hol parrandachilikda ham kuzatilmoqda. 2026-yil yanvar-mart oylari holatida viloyatda barcha turdagi xo‘jalik toifalari tomonidan parrandalar bosh soni 8 mln 718,7 mingtaga yetdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan solishtirganda 99,7 foizni tashkil etadi.
Mamlakatga xorijdan, masalan. Mongoliyadan minglab qo‘y keltirilgan edi. Ular mahalliy sharoitga moslashishi zarur. Buning uchun turli ob-havo sharoitidagi yaylovlar kerak bo‘ladi.
Uchinchidan, mutaxassislar chorvachilikda sersut yoki go‘shtga boqiladigan nasllar yangilanishi lozimligini aytishmoqda.
Demak, yangi tashkil etilgan Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi zaruratga aylangan ekan va uning oldida juda katta hamda muhim vazifalar turibdi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA