Farg‘onada "Ma’naviyat festivali" boshlandi
bugungi globallashuv jarayonida dunyoning har qarich yerida inson ongi va tafakkuri uchun jiddiy kurash ketayotgani ayni haqiqatdir.
Birda yovuz, birda madaniy ko‘rinishdagi bu kurash har birimizdan atrofga teran nazar tashlash, jahonda kechayotgan turfa jarayonlarni aql va tafakkur bilan sarhisob etishga undaydi.Bu boradagi ishlar ko‘lamini zamonaviy mezonlar asosida takomillashtirish hamda mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz yilligiga munosib tayyorgarlik ko‘rish maqsadida barcha hududlarda bo‘lgani kabi Farg‘ona viloyatida ham “Ma’naviyat festivali" o‘tkazilmoqda. 14-17 iyun kunlari viloyat shahar-tumanlari bo‘ylab katta tantana sifatida nishonlanadigan festival doirasida 14 ta yo‘nalishda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasida “Ma’naviyat festivali” oldidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda respublika “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati raisi Baxtiyor Husanov boshchiligidagi fan, ta’lim, san’at arboblari, jurnalist va blogerlar ishtirok etdi.
Ta’kidlab o‘tilganidek, festival kunlari “Yangi O‘zbekiston – yangi Renessans sari!”, “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik”, “Yangi Uyg‘onish davri kitob va kutubxonalardan boshlanadi”, “Bir ziyoli – bir mahallaga ma’naviy homiy”, “Ma’rifat soatlari”, “Faol fuqaro”, “Bir nuroniy – besh nafar yoshga murabbiy”, “Zamon qahramonlari” singari yigirmaga yaqin yo‘nalishda uchrashuvlar, ma’rifiy suhbatlar, badiiy kechalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Qo‘qon shahrida esa maqom kechasi tashkil etilmoqda.
- Uchinchi Renessans birinchi navbatda yuksak ma’naviyat, kitobxonlikni talab etadi,-dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Humoyun Akbarov. – Hozirgi kunda keng aholi qatlamlari, xususan, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish uchun bu kabi tadbirlarni o‘tkazishda yangi va ta’sirchan usullardan samarali foydalanish zarur.
Matbuot anjumanida viloyat hokimi o‘rinbosari Fayzullojon Qosimov, O‘zbekiston xalq shoiri Enaxon Siddiqova va boshqalar festival kunlari rang-barang mavzulardagi tadbirlar unutilmas taassurotlarga boy tarzda o‘tishi xususida so‘z yuritdi.
M. Sulaymonov, O‘zA