Farg‘onada mahallabay davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida aholining muammolarini o‘rganishda mahallabay tizimini joriy etish va shu asosda fuqarolar bilan doimiy munosabatni davom ettirish kerakligi ta’kidlangan edi.
Davlat xizmatlari agentligi Farg‘ona viloyat boshqarmasining 19 tuman va shaharlardagi Davlat xizmatlari markazlari va FHDYO bo‘limlari mahallabay tarzda fuqarolarga davlat xizmatlarini ko‘rsatishni tashkil qilmoqda. Ushbu tashabbus Qo‘qon shahri va Uchko‘prik tumanlaridan boshlanib viloyat markazidan olis hudud – O‘zbekiston tumanida ham davom ettirilmoqda.
Tumandagi 74 mahalla fuqarolari yig‘inlarida mobil xizmatlar ko‘rsatish va aholining onlayn xizmatlarga bo‘lgan huquqiy ko‘nikmalarini oshirish maqsadida maxsus avtobus va masofadan xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan “Damas” avtomashinalari manzilli safarbar etildi.
Mahallabay tarzda davlat xizmatlarini ko‘rsatishda ish uslubi “Shaffof va sifatli!” shiori ostida amalga oshirildi. Hududlardagi Davlat xizmatlari markazlarining 25 nafar xodimi O‘zbekiston tumanidagi “Nursux”, “Qaynar”, “Kattatagob”, “Yakka tut” kabi 36 ta mahallada 30 dan ortiq masalalar bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatdi. Shuningdek, 40 dan ziyod fuqaroga ilk tadbirkorlik faoliyatini boshlashda huquqiy maslahatlar berildi.
Nursuxlik Alisher ota Vahobov 25 yil davomida maorif sohasida ishlagan. Mana 10 yildirki nafaqa gashtini surmoqda. Mahalla ishlari va oila yumushlari bilan bo‘lib, ota pensiya haqidagi zarur ma’lumotnomani olish uchun tumandagi Davlat xizmatlari markaziga borishga vaqt topa olmadi. Ko‘rsatilayotgan sayyor xizmatlar davomida Alisher otaning ishi mahallaning o‘zida oson bitdi.
Nafaqada bo‘lsam ham xonadonimning shirin tashvishlaridan ortmayapman, – deydi Alisher ota Vahobov. – Nabiram tikuvchilikka qiziqadi. O‘rigidan mag‘zi shirin bo‘larkan. Iste’mol krediti hisobidan unga tikuv mashinasi olib bermoqchiman. Davlat xizmatlari markazi xodimlari mahallamizga kelganidan foydalanib, kreditni rasmiylashtirish uchun nafaqam haqidagi ma’lumotnomani shu yerning o‘zidan oldim.
Tumanning “Qaynar” mahalla fuqarolar yig‘inida ham aholiga INN, narkologiya dispanserida ro‘yxatda turish yoki turmasligi, sudlanmaganlik haqidagi ma’lumotnomalarni olib berish, kadastr hujjatlarini tayyorlash, kommunal xizmatlar hamda MTT larga farzandni navbatga qo‘yish kabi 20 dan ortiq masalalarda mobil xizmatlar ko‘rsatildi.
[gallery-1228]
Sayyor xizmatlar davomida aholi o‘rtasida xizmatlarni davlat xizmatlari markazlariga kelmasdan, Yagona interaktiv portal orqali elektron tarzda olish targ‘ib qilindi.
Ma’lumki, o‘tgan yilning aprel oyidan FHDYO bo‘limlari ham Davlat xizmatlari agentligi tarkibiga o‘tkazildi. Bu vaqt mobaynida tizimda yangiliklar amaliyotga joriy qilindi. Xususan, FHDYO organlarida bolaga tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma olish bepul bo‘ldi. Ana shu bepul xizmat bilan birgalikda chaqaloqni xonadon ro‘yxatiga kiritish, Maktabgacha ta’lim tashkilotiga navbatga qo‘yish kabi birdaniga 4 ta kompozit xizmat ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, bolaga beriladigan tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalarda avvallari tartib seriya raqami ishlatilgan bo‘lsa, ayni vaqtda ana shu raqamlar o‘rniga maxsus identifikatsion raqam, ya’ni ID kodlar joriy qilindi. Bu esa bola haqida ma’lumotlar butun umri mobaynida bazada saqlanishi kafolatlaydi. FHDYO arxiv hujjatlari to‘liq raqamlashtirilganligi bois, guvohnomaga bolaning ota-onasi haqidagi ma’lumotlarni kiritish shart emas. Yagona arxiv hujjatlari bazasidan guvohnomaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri uning yaqinlari haqidagi ma’lumotlar avtomatik tarzda tushiriladi.
Tizimdagi shu kabi yangiliklar haqida DXM hamda FHDYO bo‘limi vakillari fuqarolarga keng tushunchalar berdi.
Bog‘i eram ko‘chasida istiqomat qiluvchi Isroiljon Mirzarahmatov turmush o‘rtog‘i Maftuna Alijonova bilan rasmiy nikohi qayd etilmaganligi bois 4 oylik chaqalog‘iga tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma ololmayotgan edi. Mahallabay o‘rganishlar davomida ularning nikohi rasman qayd etilib, oilaning yangi mehmoniga tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma taqdim etildi.
– Ilgarilari ham FHDYO bo‘limlariga ko‘p ishimiz tushgan. Lekin ortiqcha ovoragarchiliklar, hujjatbozliklar odamni sillasini quritar edi, – deydi Mavluda Sirojiddinova. – Xonadonimizga tashrif buyurgan FHDYO hamda DXM xodimlari kompozit xizmatlar, yangi tartib bo‘yicha “suyunchi” puli olishning osonlashganligi, yangi namunadagi “metrika”lar haqida yetarli tushuncha va huquqiy maslahatlar berishdi. Ishimiz oson va qulay yechim topganidan xursandman.
Tumanida tashkil etilgan sayyor xizmatlar davomida mahalliy aholiga Davlat xizmatlari markazi tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar, ulardan foydalanish tartiblari, yaratilgan qulayliklar haqida ma’lumotlar, shuningdek, elektron hukumatning afzalliklari, masofadan turib davlat xizmatlarini olish bo‘yicha ham tushunchalar berildi.
Shuningdek, Farg‘ona shahar “Beshbola” mahalla fuqarolari yig‘inida Adliya boshqarmasi tashabbusi, DXA viloyat boshqarmasi hamkorligida “Huquqiy axborot kuni” tashkil etildi. Maqsad, fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, aholining davlat xizmatlaridan onlayn foydalanish samaradorligini yanada oshirishdan iborat.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA