Farg‘onada kitob festivali boshlandi
“Kitobsevar millat” shiori ostida o‘tkazilayotgan “Kitobxonlik haftaligi” Farg‘ona viloyatida ham ko‘tarinkilik bilan boshlandi.
Ahmad Farg‘oniy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida tashkil etilgan tadbirning ochilish marosimi haqiqiy kitobxonlar bayramiga aylandi. Viloyat hokimi o‘rinbosari Fayzullo Qosimov, O‘zbekiston xalq shoiri Enaxon Siddiqova mamlakatimizda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, kutubxonalarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganligini ta’kidladi.
Xalqni, kelajagimiz bunyodkorlari bo‘lmish yosh avlodni yangi davrga munosib qilib tarbiyalashda kitobxonlik madaniyatining o‘rni katta. Bu bejiz emas. Bugun globallashuv butun yer sayyorasini qamragan bir davrda biz najotni faqat ilmdan, kitobdan izlashimiz talab etiladi. Yurtimizda kitobxonlik har tomonlama qo‘llab-quvvatlanyapti. Vazirlar Mahkamasi tomonidan “2020-2025 yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturi” qabul qilindi. Shuningdek, har yili aprel oyida butun mamlakatimiz miqyosida “Kitobxonlik haftaligi” o‘tkazilishi belgilandi. “Yosh kitobxon” respublika tanlovi ezgu maqsad yo‘lida o‘tgan besh yilda millionlab kitobxonlarni o‘z atrofida jipslashtirdi.
Farg‘ona viloyatidan ham Sharofat Ismoilova, Muhammadfozil Ismoilov, Abdullajon Niyozmetovlar ana shunday yuksak va sharafli nomga sazovor bo‘ldi. Ikkinchi marotaba o‘tkazilayotgan haftalik doirasida viloyatda ko‘plab tadbirlar tashkil etiladi. Haftalik doirasida respublikada I-Farg‘ona kitob festivali o‘tkaziladi. Unda respublika va viloyat nashriyotlari, kitob do‘konlari ishtirokida kitob yarmarkalari tashkil etiladi. Mualliflik kitoblari taqdimoti va dastxat qo‘yish marosimini o‘tkazish uchun respublikamizning taniqli ijodkorlari jalb etiladi. Farg‘ona tajribasi sifatida shahar va tuman hokimlari – hududiy axborot-kutubxona markazlarining faxriy raisi sifatida kutubxonalarda barcha zamonaviy shart-sharoitlarni yaratish, kitob fondini boyitishn eng muhim vazifa sifatida belgilandi.
Ijtimoiy, adabiy va badiiy yo‘nalishdagi “Eng yaxshi asar” tanlovini e’lon qilib, tanlov g‘oliblarining asarlarini chop etishga ko‘maklashiladi. Joriy yilning sentyabr oyiga qadar tanlov o‘tkazilib, g‘olib ijodkorlar e’lon qilinadi va ularning asarlari 2023 yil aprel oyida o‘tkaziladigan kitobxonlik haftaligiga qadar chop etiladi. Viloyatdagi hududiy axborot-kutubxona muassasalarining kitob fondini boyitishga ko‘maklashish bo‘yicha viloyatdagi boshqarma va tashkilotlar, yirik korxonalar rahbarlari biriktirildi. Ular haftalik davomida yoshlar bilan uchrashib, kutubxonalar fondini boyitishga ko‘maklashadi. Respublikamizdagi eng nufuzli kutubxonalardan biri – Ahmad Farg‘oniy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazining joriy yilda zamonaviy ta’mirlanishi kitobxonlarga bo‘lgan yuksak e’tibor namunasidir.
Tadbirda Farg‘ona tumanidagi Shohimardon qishlog‘idagi 1-umumta’lim maktabi o‘quvchilari tomonidan o‘zbek shoirlari ijodidan namunalar o‘qildi. Kitob ko‘rgazmalari, o‘quvchilarning ijodiy ishlari barchada katta taassurot qoldirdi.
[gallery-6675]
M.Sulaymonov, O‘zA
M. Qodirov (surat),O‘zA