Farg‘onada hosildorlik 90 sentnerga yetadi (+video)
Farg‘ona viloyati mamlakatning eng yirik don yetkazuvchi mintaqasiga aylanib qoldi. 2023 yilda salkam 800 ming tonna bug‘doy yetishtirildi.
Bu yilgi hosil undanda ko‘p. G‘alla maydonida oralab yurolmaysiz. Boshoqlar tirband. Don boshoqlari har yilgidan katta, boshoqda don soni ko‘p, qo‘lga olsangiz vazni seziladi. Kombaynchilar bunday maydonlar haqida o‘z iborasi bilan “massa katta” deydi. Bu don hosildorligi yuqori, degani.
- 95 ming gektar maydonda g‘alla yetishtirildi. Farg‘ona viloyatiga mos kelgan navlarning ekilishi yuqori hosil olishga sabablardan biri bo‘ldi, – deydi “Furqatdon” klasteri rahbari Sadriddin Ortiqov. –O‘tgan yili 80 sentnergacha hosil olingan bo‘lsa, bu yil viloyat bo‘yicha o‘rtacha hosildorlik 90 sentnerga yetadi.
Ha, dastlabki o‘rganishlar bu yilgi hosil 850-900 ming tonnaga yetishidan dalolat bermoqda. Ammo hosildorlik yetishtirilgan donni avaylab, o‘z vaqtida o‘rib olishga ham bog‘liqligi haqiqat.

–Don o‘rimiga 323 ta yuqori samarador kombaynlar shay. Bug‘doy o‘rimini 17 kunda yakunlaymiz, – deydi viloyat agroinspeksiya bosh inspektori Ravshan Nazirjonov.
Ravshan aka shu so‘zlarni aytdi-yu, negadir peshonasi tirishdi. Buning sababi bor edi. Bugun, mamlakat dalalaridagi kabi Farg‘onada ham har gektaridan 45-50 sentnerlik hosil yetishtirilgan maydonlarda o‘radigan kombaynlar ishlayapti. Hosildorlikning keskin o‘sishi dehqon tilida aytganda “massa”ni kattalashtirdi. Endi yuz sentnergacha hosilni o‘riy oladigan agregatida tasmaning aylanish miqdori katta bo‘lgan kombaynlar kerak. To‘g‘ri ularni yilma-yil olish rejalashtirilgan.
–2024 yilning bir oyida 20 ta yangi kombayn olib kelishga muvaffaq bo‘ldik. Kelgusi yilgacha yana 30 ta kombayn sotib olinadi, – deydi Ravshan Nazirjonov.
Hayot tarzimiz yaxshi niyatga asoslangan. 2024 yil o‘rimga kombayn tushishidan avval umri dehqonchilikda o‘tgan oqsoqollar kelishdi, dala boshiga. Qur’on tilovat qilinib yaxshi niyatlar ila duoi fotiha qilindi.

Qudratli o‘rim mashinalari donni boshoqdan ajrata boshladi. Tadbirga kelgan tuman rahbari va mutasaddilari o‘rim natijalarini joyida tahlil qildilar. Hozirgina kombayn o‘tgan maydonlarni birma – bir ko‘rishdi. Don to‘kilishiga yo‘l qo‘yilmagan.
Keyin viloyat mutaxassislari uchun o‘ziga xos yillik sarhisob qilindi. Har gektar maydonga kamida 1 tonna o‘g‘it solingan, viloyat bo‘yicha 450 ming tonna mahalliy o‘g‘it suv bilan oqizilgan. Zararkunandalarga qarshi kurash ishlari samarasini ko‘rsatgan. Serhosil navlar tanlangan. Hosil cho‘g‘i yaratilishining bosh omillari shular edi.
Maslahat kengashida yana bir necha raqamlar aytildi. Viloyatda 328 ta o‘rim otryadlari tashkil etilib, ularga yuqori unumli don o‘rish kombaynlari, 1696 dona don tashish avtomobillari, 328 ta ko‘chma ustaxonalar va 173 dona yoqilg‘i tashish texnikalari biriktirildi.
Shuningdek, barcha tumanlarda “G‘alla-2024 o‘rim-yig‘im shtablari” tashkil etildi.
Yetishtirilgan g‘alla hosilini viloyatdagi don mahsulotlari korxonalarining 4 ta don qabul qilish elevatori, 2 ta g‘allachilik klasterlari va 12 ta don qabul qilish shahobchalariga 585 ta yo‘nalishda olib kelish bo‘yicha “Yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqildi.
Yana bir yangilik shuki, don mahsulotlari korxonalarining elevator va don qabul qilish shahobchalaridagi tarozilar, laboratoriya binolarining barchasi to‘liq “On-line” kuzatuv rejimiga o‘tkazilgan.

Bugundan Farg‘ona viloyatining barcha tumanlarida g‘alla o‘rim yig‘imi boshlandi. Masalan, Beshariq tumanida ham allaqachon ta’mirlab safga tizilgan kombaynlarga izn berildi. Undan avval otryad boshliqlari, kombaynchilarga 3 million so‘mdan ish haqi bo‘nagi tarqatildi. So‘ng qudratli texnikalar dalaga yo‘l oldi.
- 4ta g‘allachilik klasterimiz bor. Kombaynlarimiz 30 taga yetgan. Ularning barchasini mavsumga shay qilib qo‘ydik, – deydi Beshariq tumani hokim o‘rinbosari Adhamjon Umarov. – Bu yil don yili bo‘ldi. Bugundan o‘rimni boshladik. O‘rtacha 100 sentnerdan hosil olishimiz kutilyapti.
Tuman hokimiyati g‘alla o‘rimiga daxldor barcha ishchi xizmatchilarni bir dasturxonga yig‘di. Ezgu tilak va tavsiyalar berildi. Xirmonga baraka tilab duoi fotiha qilindi.
Muzaffar Qo‘chqorovni Beshariqda “donchi fermer”, deyishadi. Darhaqiqat, hosildorlikda uning oldiga tushadigani kam.
- O‘tgan yili g‘alladan 102 sentnerdan hosil olgan bo‘lsak. Bu yil kamida 105 sentnerga yetadi, – deydi “Abdurahmonov Xusniddin” fermer xo‘jaligi rahbari Muzaffar Qo‘chqorov.
Dehqonbuva buning sababini quyidagicha izohlaydi:
- Yerlarning milioratsiya holati yaxshilandi. Gektariga 1200 kilogrammdan o‘g‘it tushdi. Shuning natijasida 100 million so‘mdan ortiq daromad qildim.
Bugun dehqonchilikda ham bozor iqtisodi qonun-qoidalari qaror topdi. Fermer shartnoma shartidan ziyod yetishtirgan hosilni birja orqali istagan narxda, istagan xaridorga sota oladi. Bu esa dehqonchilikdan daromad olish manbasini mustahkamladi.

17 yil Rossiyada faoliyat ko‘rsatgan tadbirkor Otamurod Saydahmedov Prezidentimiz chaqirig‘iga ko‘ra Beshariqqa qaytdi. Hozir u ko‘p tarmoqli klaster egasi. U har ishda, jumladan g‘allachilikda ham izlanadi, yangiliklarni qo‘llaydi. Masalan, bu yil g‘allani to‘lig‘icha yomg‘irlatib sug‘orish usulida yetishtirdilar.
–Yomg‘irlatib sug‘orishning afzalligi, birinchidan u orqali subsenziya bersa bo‘ladi. Bundan tashqari o‘g‘it va hashorotga qarshi dorilarni ham sepaveradi, – deydi donchilik klasteri rahbari Otamurod Saydahmedov. –Yomg‘irlatib sug‘orishda suv va dori bir tekis yetkaziladi, yer zaxlab ketmaydi. Suv ham hamma joyga bir xil miqdorda tushadi. Shuning hisobiga hosildorlik, fermerning daromadi oshadi. Qolaversa tomchilatib sug‘orishga 100 million so‘m sarflasangiz, davlat 50 millionini subsidiya tarzida qaytarib beryapti. Bunday sharoit hech qayerda yo‘q.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/E-CQp5Yle4I" title="Fargʻonada hosildorlik 90 sentnerga yetadi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Aytay desak, aytgulik ish ham, gap ham ko‘p. Hammasini birgina raqam ifodalab turibdi. Farg‘ona viloyatida bu yil g‘alla hosildorligi o‘rtacha 90 sentnerdan oshishi kutilyapti.
Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (+video), O‘zA