Farg‘onada ham davlat mukofotlari egalariga topshirildi
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligi arafasida e’lon qilingan Prezidentimizning farmonlariga muvofiq 32 nafar farg‘onaliklar davlatimizning yuksak mukofotlari–faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlandi.
Farg‘ona viloyati hokimligida davlatimizning yuksak mukofotlari o‘z egalariga topshirildi. Tantanali tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov o‘zlarining ko‘p yillik fidokorona mehnatlari, jamiyat rivojiga qo‘shayotgan ulkan hissasi bilan obro‘-e’tibor topgan bu insonlarni butun viloyat ahli nomidan qutlab, ezgu tilaklarini bildirdi.
Taqdirlangan hamyurtlarimizga mukofotlarni tantanali ravishda topshirdi. Taqdirlanganlar orasidan davlat xizmatchilari hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xodimlari, fan, ta’lim, sport, adabiyot, madaniyat, san’at sohalari xodimlari o‘rin oldi. Mukofot egalari o‘zlarining mehnatlari Prezidentimiz tomonidan yuqori darajada e’tirof etilgani uchun tashakkurlarini izhor qildi.
[gallery-13329]
“Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan Farg‘ona davlat universiteti professori, O‘zbekiston xalq artisti Sultonali Mannopov o‘zi bastalagan “O‘zbekistonim” qo‘shig‘ini katta ashula tarzida ijro etdi.
–Mamlakatimizdagi islohotlar zamirida inson qadrini ulug‘lashdek ezgu maqsad turganligi barchamizni quvontirmoqda, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi, “Do‘stlik” ordeni sohibi Zokirjon Rahmonov. – Ayniqsa, nuroniylar, mehnat faxriylarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga muhim e’tibor qaratilmoqda. Viloyatimizdagi 400 mingdan ortiq keksalar buni yaxshi his etib, islohotlarda faol ishtirok etmoqda. Mana bu yuksak mukofot esa menga katta mas’uliyat yuklaydi. Bunday e’tibor meni yanada ruhlantirmoqda, yangi tashabbuslarga undamoqda.
M.Sulaymonov,
M.Qodirov olgan surat