Farg‘onada ekoshahar qurilishi boshlandi
Farg‘ona shahar “Ilg‘or” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida ekoshahar barpo etilmoqda. Dashtu dala qo‘ynida qad rostlaydigan yashil shahar minglab oilalar uchun makon, mehnat maskani bo‘ladi. Uning qurilishida ishtirok etish istagida bo‘lgan mahalliy va xorijlik investorlarning safi kundan kunga ortib bormoqda.
O‘ziga xos me’moriy qiyofaga ega shaharcha loyihasi mamlakatimizda kamyob sanaladi. Aholi uchun yaratilayotgan sharoit, zarur infratuzilma, ijtimoiy inshootlarning majmua holda bunyod etilishi shaharchaning haqiqatan ham namunali loyiha asosida qurilishidan dalolat beradi.
Shahar ob-havosini mo‘’tadillashtirish, hududni obi hayot bilan ta’minlash maqsadida loyihalashtirilgan yangi kanal qurilmoqda. Umumiy uzunligi 10 kilometrdan ortiq bo‘lgan tarmoq Farg‘ona tumanidagi Shodiyeva nomli kanaldan suv oladi. Ushbu kanal ekoshahar hududida 70 gektar maydonda tashkil etiladigan «Yangi O‘zbekiston» bog‘ini suv bilan ta’minlaydi. Ayni kunda bu yerda qudratli texnikalar, yuzdan ortiq quruvchilar mehnat qilmoqda.

– Biz yangi shaharning ulkan inshooti qurilishida ishtirok etayotganimiz bilan faxrlanamiz, – deydi “Farg‘ona suv maxsus ta’mir” MCHJ rahbari Halimjon Hasanov. – Shu kunga qadar kanalning 750 metrdan ortiq qismi qurib bitkazildi. Asosiy maqsad – belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida sifatli qilib poyoniga yetkazish.
Umumiy maydoni 300 gektar bo‘lgan 40 ming aholiga mo‘ljallangan shahar va unga tutash kichik sanoat zonasida 20 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.
– Bu yerda 7-25 qavatli 313 ta 14 ming 244 xonadonli ko‘p qavatli uy-joylar, 10 ta bolalar bog‘chasi, 4 ta maktab, 1 ta shifoxona, 2 ta sport majmualari quriladi, 10 ta tik quduq qaziladi, – deydi Farg‘ona shahar hokimligi qurilish kompleksi mutaxassisi Bahromjon Fozilov. –Manzarali daraxtlar orasida piyoda sayr qilish, velosipedda harakatlanish uchun maxsus yo‘laklar tashkil etiladi.
M.Sulaymonov, O‘zA