Farg‘onada bahodirlar va polvonlar kuch sinashdi
Farg‘onada ilk marta bahodirlar o‘yinlari va tosh ko‘tarish bo‘yicha xalqaro ochiq turnir bo‘lib o‘tdi. U taniqli o‘zbek polvoni, milliy o‘yinlar targ‘ibotchisi To‘lanboy Qurbonov xotirasiga bag‘ishlandi.
Farg‘onadagi “Samo” sport majmuasida Qoraqalpog‘iston, Rossiya, Tojikiston, Qirg‘iziston hamda Toshkent shahri va mamlakatimiz viloyatlaridan 468 nafar ishtirokchi hozir bo‘ldi. Shunisi diqqatga sazovorki, bellashuvlar birdaniga uch avlod vakillari, shu jumladan, qizlar o‘rtasida ham o‘tkazildi.
— Bu bellashuvlarni o‘tkazishdan ko‘zlayotgan asosiy maqsad xalqimizning sevimli sport turlaridan biri bo‘lmish tosh ko‘tarish va bahodirlar o‘yinlarini ommalashtirishdan iborat, — deydi O‘zbekiston bahodirlar o‘yinlari va tosh ko‘tarish federatsiyasi raisi Vohidjon Najmidinov.
Azaldan polvonlar bellashuvi, xususan, tosh ko‘tarish kabi milliy o‘yinlarsiz birorta xalq bayrami va sayli o‘tmagan. Bahodirlarning o‘rtaga chiqib, kuch-quvvatlarini namoyish etishlari tomoshalarga alohida fayz kiritgan, polvonlar esa xalq orasida katta hurmat-e’tiborga sazovor bo‘lishgan.
Turnirning tantanali ochilish marosimida dorbozlar guruhlari tarkibida faoliyat ko‘rsatgan faxriy 33 nafar polvonga “O‘zbekiston sport faxriysi” ko‘krak nishoni va guvohnomasi, bir guruh sport faxriylariga To‘lanboy Qurbonov surati tushirilgan medal topshirildi.
Turnir sakkizta yo‘nalish, uch bo‘limda: bahodirlar o‘yinlari, katta vazndagi yuk, tosh, mashinalarni ko‘tarish, tortish; dorbozlar guruhlarining o‘zbek polvonlari o‘rtasida yoshi bo‘yicha; tosh ko‘tarish bilan shug‘ullanib kelayotgan sportchilar o‘rtasida o‘tkazildi.
Ko‘p sonli tomoshabinlar katta qiziqish bilan kuzatib borgan bellashuvlar natijalariga ko‘ra, nayza va kamondan otish bo‘yicha jamoalar o‘rtasida birinchi o‘rin Farg‘ona, ikkinchi va uchinchi o‘rin tegishli ravishda Namangan hamda Andijon viloyatlari jamoalariga nasib etdi.
Surxondaryo viloyati vakili Dilmurod Qurbonov katta yoshlilar o‘rtasida o‘tkazilgan bahodirlar o‘yinlari g‘olibi bo‘ldi. O‘smirlar o‘rtasida esa birinchi o‘rin yosh bahodir Siroj Qilichov (Buxoro viloyati) ga nasib etdi. Shohsupaning ikkinchi pog‘onasini Qirg‘iziston vakili Alibek To‘xtamatov egalladi.
Tosh ko‘tarish bo‘yicha qizlar o‘rtasida (60 kg. vaznda) o‘tkazilgan bellashuvda eng yuqori natijaga Shahnoza Qodirqulova (Sirdaryo viloyati) erishib, oltin medalga sazovor bo‘ldi. Xuddi shunday natijaga Yodgoroy Najimova (70 kg.) va Nigora Uzganboyeva (70 kg. dan yuqori) lar ham erishdilar.
Surxondaryolik Dilmurod Qurbonovning chiqishi ham hay’at, ham tomoshabinlarda alohida qiziqish uyg‘otdi. 17 tonnalik “MAN” yuk mashinasini 15 metr masofaga tortgan polvon gulduros qarsaklar bilan olqishlandi.
Turnir oxirida g‘oliblar va sovrindorlarga diplom va sovg‘alar topshirildi.
M.Sulaymonov, O‘zA