Farg‘onada 70 mingdan ziyod fuqarolar muddatidan oldin ovoz berdi
Farg‘ona viloyatida joriy yil 9 iyulda bo‘lib o‘tadigan muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 1 ming 209 saylov uchastkasi tashkil etilgan. Ayni kunlarda barcha uchastkalar muddatidan oldin ovoz berish uchun ochilib, faoliyat ko‘rsatmoqda.
Saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan ovoz beruvchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega. Xususan, Farg‘ona shahrida bir guruh yurtdoshlarimiz muddatidan oldin ovoz berishda qatnashdilar.
Shodiyona mahallasidagi "Ishga marhamat" monomarkazida tashkil etilgan 88-saylov uchastkasida ish qizg‘in. Mazkur uchastkada 2 ming 699 nafar saylovchi ro‘yxatga olingan bo‘lib, hozirga qadar 83 nafar fuqaro muddatidan oldin ovoz berish huquqidan foydalandi.
–Xorij safariga ketayotganim sababli, bugun muddatidan oldin ovoz berdim. Yurtimizda o‘tadigan muhim jarayon saylovga befarq emasman, – deydi mehnat faxriysi Qoriyaxon Abdullayeva.
[gallery-12569]
11-Farg‘ona okrug saylov komissiyasi raisi Erkinjon Nuraliyevning aytishicha, barcha saylov uchastkalari talablar asosida jihozlandi va fuqarolar uchun qulay sharoitlar yaratildi. Hozirga qadar muddatidan oldin ovoz berish jarayonida 70 mingdan ziyod fuqarolar bu huquqdan foydalandi. Saylov uchastkasida muddatidan oldin ovoz berish vaqti ish kunlari soat 9:00 dan soat 18:00 ga qadar, dam olish va bayram kunlari soat 11:00 dan soat 17:00 ga qadar amalga oshiriladi.
M.Sulaymonov,
M.Qodirov (surat), O‘zA