Farg‘onada 6 mingga yaqin fuqarolar muddatidan oldin ovoz berdi
Farg‘ona viloyatida 1 ming 209 ta referendum uchastkasi tashkil etilgan bo‘lib, bu borada ish tajribasiga ega bo‘lgan, aholi o‘rtasida obro‘-e’tibor qozongan fuqarolar uchastka komissiyalari a’zoligiga qabul qilingan. Shahar va tumanlarda barcha uchastkalar muddatidan oldin ovoz berish uchun ochilib, faoliyat ko‘rsatmoqda.
Referendum kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan ovoz beruvchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega.

Xususan, 70 ta referendum uchastkasi mavjud bo‘lgan Rishton tumanida bir guruh yurtdoshlarimiz muddatidan oldin ovoz berishda qatnashdi.
– 21 aprel kuni xorij safariga ketayotganim sababli, bugun muddatidan oldin ovoz berdim. Referendumga befarq emasman, – deydi rishtonlik Homidjon To‘xtayev.


11-Farg‘ona okrug komissiyasi raisi Erkinjon Nuraliyevning aytishicha, barcha referendum uchastkalari talablar asosida jihozlandi va fuqarolar uchun qulay sharoitlar yaratildi. Kecha boshlangan muddatidan oldin ovoz berish jarayonida 5 ming 624 nafar fuqarolar bu huquqdan foydalandi.
Muddatidan oldin ovoz berish jarayoni 26 aprelga qadar davom etadi. Referendum uchastkasida muddatidan oldin ovoz berish vaqti ish kunlari soat 9:00 dan soat 18:00 ga qadar, dam olish va bayram kunlari soat 12:00 dan soat 16:00 ga qadar amalga oshiriladi.
M.Sulaymonov, O‘zA