Farg‘onada 30 milliard so‘mdan ortiq byudjet mablag‘lari talon-taroj qilingan
Farg‘ona viloyatida so‘nggi ikki yilda 30 milliard so‘mdan ortiq byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish holatlari aniqlanib, bu qilmishlar uchun 238 nafar, shuningdek, 50 ga yaqin shaxslar poraxo‘rligi bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Dang‘ara tumani davlat soliq inspeksiyasi rahbari T. korrupsiyaga moyilligi tufayli soliq xizmatidan bo‘shatilgan M. va I.ni ishga qabul qilib, pul mablag‘larini naqdlashtirish bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh tuzgan. Uyushgan guruh boshqa fuqarolar nomiga 22 ta soxta firmalarni ochib, ularga norasmiy rahbarlik qilib kelgan.
Mazkur firmalarda 268 milliard so‘mlik noqonuniy pul aylanmalari amalga oshirilib, 19 milliard so‘m soliq to‘lovidan qochishga erishilgan, jinoiy yo‘l bilan topilgan 200 million so‘m legallashtirilgan. Hozirda soliq rahbari va uning 14 nafar jinoiy sheriklari sudda javob bermoqda.

Bu haqda Farg‘ona viloyati prokurori Ulug‘bek Qosimov viloyatda korrupsiyaga qarshi kurashish kurashish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qildi.
bugungi kunda viloyatda korrupsiya holatlari ko‘p uchrayotgan qurilish, yer ajratish, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalari jiddiy tanqid qilindi.
“Yermulkkadastr” davlat korxonasining Oltiariq tuman filiali mutaxassisi E.Mamarasulov fuqarolar O.Najmitdinov va F.Tojiboyev-larga 5 gektar yer ajratib berishni va’da qilib, 22 ming AQSH dollari va 28,5 million so‘m pullarni pora tariqasida olayotgan vaqtida ushlangan. Sud tomonidan E.Mamarasulovga nisbatan qilmishiga yarasha jazo tayinlandi.
Uchko‘prik tumani qurilish bo‘limi boshlig‘i D.M. fuqaro A.H.ga tegishli bo‘lgan xususiy shifoxona loyiha hujjatlarini tasdiqlab berish evaziga 800 ming so‘m, fuqaro A.S.ni turar-joy binolariga texnik loyiha hujjatlarini tasdiqlab berish evaziga 250 ming so‘m pullarni pora tariqasida olgan.
ATB “Agrobank” Buvayda filiali boshqaruvchisi O.X.muqaddam ushbu bank boshqaruvchisi bo‘lgan, biroq juda ko‘p miqdordagi imtiyozli kredit mablag‘larini talon-toroj qilgani uchun 2 marotaba sudlanib, bank tizimidan bo‘shatilgan X.M. bilan jinoiy til biriktirib, bolalar oyoq kiyimi ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanish bahonasida 3 yil muddatga 1 milliard so‘m miqdorda kredit mablag‘ini ajratilishiga erishib, belgilangan maqsadda sarflamasdan talon-toroj qilib yuborishgan. Hozirda jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Rishton tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri I.M. va kadrlar bo‘limi mutaxassisi A.V. 77 nafar o‘qituvchining malaka toifasi muddati o‘tgan bo‘lsada qalbaki xujjatlar asosida malaka belgilab, tarifikatsiya qilishi, ustama haqlarini noqonuniy to‘lashi va boshqa suiiste’mol-liklari oqibatida 414 million so‘m byudjet mablag‘lari talon-toroj qilingan.

-Ochig‘ini aytsam, aksariyat idoralarda ichki idoraviy nazorat hamda yuridik xizmatning o‘rni umuman sezilmayotganligi, ba’zi rahbarlarning o‘zi bundan manfaatdor emasligi ham korrupsiyaga chek qo‘yishga imkon bermayapti, -dedi viloyat prokurori. -Viloyatimizda qonunlar ijrosi ustidan nazoratga mas’ul bo‘lgan 20 dan ortiq nazorat organlari mavjud. Afsuski, bu idoralarning faoliyati bugungi kunda mutlaqo talabga javob bermayapti. So‘nggi ikki yilda bironta nazorat idorasi tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga korrupsiya bilan bog‘liq bo‘lgan material taqdim etilgani yo‘q.
Farg‘ona viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Xayrullo Bozorov jamiyatda korrupsiya va u bilan bog‘liq holatlarga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish kerakligini ta’kidladi.
Idoralararo yig‘ilishda muhokama qilingan masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
M. Sulaymonov, O‘zA