Farg‘onada 1 ming 368 ta oila yarashtirildi
Majburiy ijro byurosi Farg‘ona viloyati boshqarmasi tuman-shahar bo‘limlari ish yurituvida joriy yilning o‘tgan davrida oilaviy muammolar bo‘yicha 10 ming 977 ta ijro hujjatlari kelib tushgan.
Hozirga qadar aliment undirish bilan bog‘liq ijro hujjatlarining ijrosini ta’minlashda davlat ijrochilari tomonidan 5 ming 492 ta ijro hujjatlari undiruvchi va qarzdor o‘zaro kelishib olganligi sababli ijro ishlari tamomlangan. Shundan 1 ming 368 ta oila qayta tiklangan. 1 ming 52 ta ijro hujjatlari bo‘yicha farzandlar voyaga yetganligi sababli ijro ishlari amalda tamomlanib tegishli tartibda sudlarga qaytarilgan, mingdan ortiq qarzdorlikni kamaytirish masalasida huquqiy targ‘ibot ishlari amalga oshirilgan. O‘tgan davr mobaynida 1 ming 499 nafar qarzdor fuqarolar ishga joylashtirilgan.
Joriy yilda aliment to‘lashdan qochib yurgan 677 nafar qarzdorlarga nisbatan qidiruv e’lon qilinib, byuroning axborot ta’minoti va qidiruv bo‘limi hamda IIB xodimlari xamkorligida 484 nafari topilib davlat ijrochilariga topshirilgan va ularga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilgan. Bundan tashqari, o‘z farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment to‘lashdan qasddan bosh tortib kelayotgan 538 nafar qarzdorlarga nisbatan ma’muriy qamoq jazosi tayinlanib, 54 nafar qarzdorlar Jinoyat Kodeksining 122-moddasiga asosan jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Shuningdek, boshqarmaning tuman-shahar bo‘limlarida har oyning uchinchi juma kuni mehnat yarmarkalari tashkil etish kuni sifatida belgilanib, byuroning tuman-shahar bo‘limlari tomonidan 30 ga yaqin mehnat yarmarkalari o‘tkazilib, ishsiz qarzdorlarning 412 nafari ishga joylashtirilgan.
Joriy yilning o‘tgan davrida 58 ta ijro hujjatlari bo‘yicha 93 nafar voyaga yetmagan farzandlar undiruvchilarga olib berilgan.
M. Sulaymonov, O‘zA