Farg‘ona viloyatida import hajmi oshdi
Har yerda mutanosiblik kerak. Aks holda tomonlarning biri valyuta taqchilligiga uchraydi. Farg‘ona viloyatida 2025 yilning to‘rt oyi yakuniga ko‘ra import hajmi 482,2 mln. dollarga yetgan. Bu 2024 yilning mos davriga ko‘ra 48,2 foizga ko‘p deganidir. Xo‘sh nega shunday bo‘ldi?
Birinchidan, Farg‘ona viloyati O‘zbekistonning eng sanoatlashgan hududlaridan biridir. Viloyatda 38 ta yirik, 7930 ta kichik sanoat korxonasi va 446 ta qo‘shma korxona faoliyat yuritadi. Bu korxonalarga xorijiy investitsiyalar jalb etilib, zamonaviy uskunalar sotib olinib, jahon standartiga mos mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Ular neft, paxta, oziq-ovqat mahsulotlari, konservalar, qurilish materiallari, avtomobil disklari, ehtiyot qismlar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bo‘lib, yuzga yaqin xorijiy davlatlarga eksport qilinmoqda.
Sanoat tarmoqlarining rivojlanishi xomashyo, uskuna va butlovchi qismlar import hajmi oshishiga olib keldi.
Ikkinchidan, O‘zbekistonda tadbirkorlikni rivojlantirish va investitsiyalarni jalb etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 114 turdagi litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi. Soliq turlari 13 tadan 9 tagacha qisqartirildi, QQS stavkasi 20 foizdan 15 foizga, ijtimoiy soliq 25 foizdan 12 foizga tushirildi.
Bu choralar tadbirkorlik faolligining ortishiga, shu bilan birga, import hajmining ko‘payishiga sabab bo‘ldi.
Yana bir jihatni ham ta’kidlash lozim. Statistik raqamlar shuni ko‘rsatadiki, 2025 yilning yanvar - aprel oylarida O‘zbekistonda go‘sht mahsulotlari importi hajmi 197 million dollarga yetdi. Bu 2024 yilning shu davriga nisbatan 66 foiz ko‘pdir. Jumladan, 38,3 ming tonna mol go‘shti import qilingan bo‘lib, u 156,2 million dollarni tashkil etdi.
O‘z navbatida, go‘sht importining ko‘payishiga ham asosli sabablar bor.
Birinchisi, qo‘shni davlatlarda go‘sht eksportining cheklanishi. Bu bozorda taklif kamayishiga va import mahsulotlari narxi oshishiga olib keldi.
Ikkinchisi, chorva ozuqasi narxining oshishi bilan bog‘liq. 2024 yilning oktyabridan 2025 yilning apreligacha bo‘lgan yetti oyda chorva ozuqasi narxi yuqoriladi. Masalan, kunjaraning bozor narxi 3 ming so‘mdan 7 ming so‘mgacha, (2,3 barobar) oshgan. Kombikorma 2900 so‘mdan 3700 so‘mgacha (28% o‘sish), bug‘doy 2200 so‘mdan 3500 so‘mgacha (59% o‘sish) ko‘tarilgan.
Xulosa qilib aytganda, Farg‘ona viloyatida import hajmining oshishi sanoatning o‘sishi va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosati hamda go‘sht mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoj bilan bog‘liq.
Yana bir qiziq holat. Farg‘ona viloyatida 63 ta davlatdan tovar va xizmatlar importi amalga oshirilgan. Ammo import hajmining 92,3 foizi atigi 6-7 ta davlatga to‘g‘ri keladi. Bular XXR (43,1%), Rossiya (25,9%), Qozog‘iston (14,6%), Turkiya (3,3%), Qirg‘iziston Respublikasi (3,2%), Belarus va Koreya Respublikasi (1%)dir.
Muhammadjon Obidov, O‘zA