Farg‘ona politexnika institutida ilmiy ishlanmalar katta samara bermoqda
Farg‘ona politexnika institutida bugungi kunda ilmiy va innovatsion ishlab chiqarish hamda turli sohalarga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan 19 ta markaz faoliyat yuritib kelmoqda. Yana bir e’tiborli jihati, ushbu markazlar faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida xorijiy tajribani qo‘llagan holda 14 ta spin-off korxonasi ochildi. Davlatimiz rahbari raisligida joriy yil 20 iyun kuni bo‘lib o‘tgan muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida bu alohida e’tirof etildi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov mazkur institutda bo‘lib, oliygohda ilmiy ishlanmalar natijalarini ishlab chiqarishga joriy etish, spin-off kompaniyalari tashkil etish, viloyatdagi sanoat korxonalari bilan hamkorlik ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi, professor-o‘qituvchilar bilan suhbatlashdi, talabalar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Dastlab, viloyat hokimi ilmiy tadqiqotlarni amaliyotga tatbiq etish maqsadida institut qoshida tashkil etilgan, qurilish va arxitektura sohasida xizmat ko‘rsatuvchi “FARPI HITECH ENGINEER” unitar korxonasi faoliyati bilan tanishdi. “Bino va inshootlarni loyihalash”, “Qurilish sinov laboratoriya”, “Geolaboratoriya”, “Geo-topografik loyihalash” hamda “Bino va inshootlar konstruksiyalarining zilzilabardoshligini baholash” kabi ilmiy tadqiqot markazlarini o‘z ichiga olgan, institutning innovatsion jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tashkil etilgan ushbu korxona tomonidan 22 ta litsenziyalangan xizmat turlari ko‘rsatilmoqda.

2023 yil davomida umumiy qiymati 1,7 milliard so‘mlik, jumladan, davlat grantlari asosida 600 million so‘mlik 2 ta loyiha va hududiy korxonalar buyurtmasi asosida 65 ta xo‘jalik shartnomalaridan 1,1 milliard so‘mlik xizmatlar ko‘rsatildi.
Viloyat rahbariga “Ijtimoiy soha ob’ektlari loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishda BIM texnologiyalarini joriy etish”, “Mavjud soy va kanallar potensialidan foydalanib, MikroGESlar o‘rnatish samaradorligi”, “Sun’iy intellektdan foydalanib, energiya samaradorligini oshirish”, “Hududlarni toza suv bilan ta’minlash” kabi bir necha ilmiy-innovatsion loyihalar taqdimot qilindi.
Viloyat hokimi institut mutaxassislari tomonidan ilmiy asoslar bilan ishlab chiqilgan, viloyat bo‘ylab 230 ta MikroGES o‘rnatishni ko‘zda tutgan loyihani amaliyotga tatbiq etishni ma’qulladi. Xususan, har bir MikroGES bo‘yicha aniq biznes reja ishlab chiqib, ularga investorlarni jalb qilgan holda tashkil etish haqida mas’ullarga ko‘rsatma berdi. Sun’iy intellektdan foydalanib, energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan loyiha ham ijobiy baholandi. Bugungi kun uchun o‘ta dolzarb bo‘lgan ushbu loyihani amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.

Bu yerda ilmiy-tadqiqot, o‘quv ishlab chiqarish kompleksi - texnopark faoliyat ko‘rsatmoqda. Hozirgi kunda ushbu markazda 40 dan ortiq doktorantlar va mustaqil tadqiqotchilar, 20 dan ortiq magistrlar o‘zlarining ilmiy izlanishlarini olib borib, bakalavriat ta’lim yo‘nalishining 800 nafardan ziyod talabalari ishlab chiqarish hamda malakaviy amaliyotlarini o‘tamoqda.
Farg‘ona politexnika institutidagi spin-off korxonalari shu kunga qadar 21 milliard so‘m daromad qilgan. Bu yil daromadni 40 milliard so‘mga, kelasi yili 100 milliard so‘mga olib chiqish bo‘yicha aniq hisob-kitoblar ishlab chiqilgan. Eng muhimi, ushbu korxonalar ishchilarining 90 foizi oliygoh o‘qituvchilari va talabalari.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov institut professor-o‘qituvchilari va talabalari tomonidan yaratilgan innovatsion qurilmalarni ham ko‘zdan kechirdi, ularni samaradorligini oshirish hamda iqtisodiyotga tatbiq etishni kengaytirish bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.

Institut talabalari bilan o‘tkazilgan “Hokim va yoshlar” uchrashuvi ochiq va samimiy muloqot tarzida o‘tdi. Talaba-yoshlarning fikr-mulohazalari, takliflari viloyat hokimi tomonidan alohida e’tibor bilan qabul qilindi. Uchrashuv davomida viloyat rahbari talabalarga ilmga intilish, o‘z ustida ishlash, milliy qadriyatlarni e’zozlash, salbiy xususiyatlardan saqlanish yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.
Farg‘ona politexnika institutida oxirgi 3 yil davomida ilmiy ishlar, innovatsiyalar hamda tijoratlashtirish faoliyati orqali jalb etilgan mablag‘lar umumiy miqdori 45 milliard so‘mni tashkil etdi. Shuningdek, ta’lim xizmatlari eksportini amalga oshirish, xalqaro loyihalar va grantlar orqali qariyb 420 ming yevro hajmda xorijiy investitsiyalar jalb qilindi. Institutda ilmiy ishlanmalar natijalarini ishlab chiqarishga joriy etish ko‘rsatkichi esa 92 foizga yetdi.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri