Farg‘ona mevalari Malayziya bozoridan muqim joy egalladi
Dunyoda turli xil meva yetishtiradigan davlatlar juda ko‘p. Ammo iqlimi to‘rt faslning ob-havosini ko‘rgan, 40-50 darajali quyosh nurlaridan bahra olgan mevalar faqat O‘zbekistonda bo‘ladi.
Oltiariqning biri-biriga tutash bog‘larida pishib yetilgan uzumlar mazasi va tarkibidagi shifobaxsh vitaminlari tufayli dunyoning barcha qit’alarini zabt etdi. Mana endi Farg‘ona zaminining mevalari Malayziya bozorlaridan muqim joy topdi.

Malayziyaning “Syabab Trading Sdn Bhd” hamda “Mufaz Group Sdn Bhd” kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiya Farg‘ona viloyatida bo‘ldi.
Mehmonlar viloyatdagi mahalliy bog‘lar, qadoqlash korxonalari hamda eksportchi korxonalar faoliyati bilan tanishib, sohada amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdilar. Xususan, ikki kunlik dastur doirasida “Oltiariq agro-505” mas’uliyati cheklangan jamiyatida meva mahsulotlarini saqlash, saralash va qadoqlash tizimlari bilan tanishildi. Delegatsiya a’zolari "Quva-Agro Star” MCHJ da ishlab chiqarish quvvatlari va eksport yo‘nalishlariga qiziqish bildirishdi.

Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan muzokaralarda esa “Syabab Trading Sdn Bhd” hamda “KK24” MCHJ o‘rtasida 900 million dollarlik yirik shartnoma imzolandi.
Mazkur hamkorlik tufayli Farg‘onaning sarxil va xushta’m mevalari Malayziya xalqi dasturxonidan ham munosib o‘rin oladi.
Muhammadjon Obidov,
O‘zA