Farg‘ona davlat universiteti: xalqaro hamkorlikning yangi bosqichi
Farg‘ona viloyatidagi oliy ta’lim muassasalari soni o‘n bittaga yetdi. Bu jihatdan ham viloyat mamlakatning yirik ilmiy-ta’lim markazlaridan biriga aylanmoqda.
Tarixi bir asrga yetayotgan Farg‘ona davlat universiteti esa Osiyo va Yevropa mamlakatlarining 40 ga yaqin oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda ilmiy va o‘quv loyihalarini amalga oshirib kelmoqda. Uning xalqaro miqyosdagi tajribasi katta. Shuning uchun ham Farg‘ona davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi hududlari kengashining III yig‘ilishi doirasida — «O‘zbekistonda Sibir kunlari» tadbirlari o‘tkazildi. Unda yurtimizdagi oliy o‘quv yurtlari va Rossiyaning Sibir hududlaridagi 18 ta oliy ta’lim muassasasi rektor va prorektorlari ishtirok etdi.
Uchrashuvda universitetlarning mavjud salohiyati, xalqaro hamkorlik yo‘nalishlari va imkoniyatlari taqdimot qilindi.
Mazkur tadbirlar O‘zbekiston va Rossiya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi mavjud aloqalarni yanada mustahkamlash, yangi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash va istiqbolli qo‘shma loyihalarni shakllantirish uchun muhim platformaga aylandi.
Muhammadjon Obidov,
O‘zA