Fargʻonada yangi loyihalar ishga tushirildi
Bugun yoshlarimiz orasida raqamli texnologiyalarga qiziqish kuchli.
Bugun yoshlarimiz orasida raqamli texnologiyalarga qiziqish kuchli. Aslida zamon talabi ham shu. Axborot-kommunikatsiyalardan yaxshi xabardor kishi yangi-yangi innovatsion gʻoyalar ustida izlanadi, yangilikdan choʻchimaydi.
Prezidentimiz tomonidan yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish va ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish boʻyicha belgilab berilgan 5 ta muhim tashabbusning uchinchisi aholi va yoshlar oʻrtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan.
Fargʻona viloyatida ham mazkur yoʻnalishda aniq tadbirlar belgilangan boʻlib, uning ijrosi taʼminlanmoqda. Margʻilon shahrida yangi qurib, foydalanishga topshirilgan Raqamli texnologiyalar markazi ana shulardan biridir.
Markazning ochilish marosimi katta shodiyonaga aylandi. Unda Fargʻona viloyati hokimi Shuhrat Gʻaniyev qatnashib, markaz viloyat yoshlarini axborot texnologiyalari sohasida tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, zamonaviy bilim va koʻnikmalarini berish hamda shu yoʻl bilan ularni daromadini oshirishga xizmat qilishi bilan muhim ahamiyatga ega ekanligini taʼkidladi.
2,5 gektar maydonni egallagan zamonaviy markazni bunyod etishga mahalliy byudjetdan 14 milliard soʻm mablagʻ sarf etildi. Markaz raqamli texnologiyalar va iqtisodiyot boʻyicha yagona markazlashgan kompleks tizim yaratish hamda xizmatlar taqdim etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Bu yerda elektron axborot resurs markazi, 60 oʻrinli anjumanlar zali, muzokaralar xonasi, videostudiya boʻlib, yoshlarga axborot texnologiyalari va elektron tijorat sohasida innovatsion tadbirkorlik asoslarini oʻrgatish, axborot texnologiyalari sohasida startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlashning zamonaviy hamda samarali mexanizmlarini yaratish, kompyuter texnologiyalari, dasturlash, robototexnika va kibersport asoslarini oʻrgatish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Xususan, dasturlash, mobil ilova, veb dizayn, robototexnika, kibersport, startap markazi, frilanserlar maktabi, dizayn kabi yoʻnalishlarda faoliyat olib boriladi.
– Markaz faoliyatni yoʻlga qoʻyishda Rossiya Federatsiyasining Perm shahridagi “Morion digital” texnoparki va Koreyaning tajribasi oʻrganilgan, – deydi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Fargʻona filiali direktori oʻrinbosari Bahrom Jalilov. – Shuningdek, bu yerda yoshlar oʻrtasida raqamli koʻnikmalarni shakllantirish, “Bir million dasturchi” loyihasini amalga oshirish uchun ham barcha imkoniyatlar yaratilgan. Yoshlar, tadbirkorlar va hunar oʻrganish istagidagi boʻlganlar markazimizda axborot texnologiyalarini oʻzlashtirib, dasturiy mahsulotlar yaratishi ham mumkin. Shu bilan birgalikda viloyatdagi tashkilotlar bilan hamkorlikda sohada ish olib boramiz.
Markazda yil davomida 2 mingdan ortiq mutaxassislarni tayyorlash imkoniyati bor.
Margʻilon shahrida junli matolarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish boʻyicha katta loyihaga qoʻl urildi.
Davlatimiz rahbari 2018-yil 12-13-iyun kunlari Fargʻona viloyatiga tashrifi chogʻida “Narimteks” masʼuliyati cheklangan jamiyatidagi ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishib, ichki va tashqi bozorda oʻrin topish uchun mahsulot ishlab chiqarishga ilgʻor texnologiyalarni jalb etish, ishchi-xizmatchilar malakasini doimiy oshirib borish borasida topshiriqlar bergan edi. Mazkur topshiriqlar asosida yirik loyiha amalga oshirilib, jun aralashmali ip va matolar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.
Tadbirkor ayol Nargiza Aminova tashabbusi bilan sobiq “Atlas” firmasi negizida “UZWOOLENTEX” qoʻshma korxonasi tashkil etildi va formali kiyimlar uchun jun aralashmali matolar ishlab chiqarish tarmogʻi loyihasi ishga tushirildi. Bu yerda umumiy qiymati 7,9 million AQSH dollari miqdorida investitsiya jalb etildi. Yangi loyiha bir vaqtning oʻzida 300 nafar mahalliy yoshlar bandligini taʼminlash imkoniyatini berdi. Shu kunga qadar toʻquv, sifatni nazorat qilish, pardozlash va laboratoriya sexlari yuqori unum bilan ishlamoqda. Toʻqimachilik tarmoqlari rivojlangan mamlakatlardan olib kelingan soʻngi rusumdagi ishlab chiqarish uskunalarini mahorat bilan boshqarayotganlarning asosiysini margʻilonlik yoshlar tashkil etadi.
–Qulay sharoitlarga ega boʻlgan zamonaviy ishlab chiqarish korxonasida mehnat qilish maroqli, – deydi toʻquv sexi ishchisi Zulayho Madgʻoziyeva.– Mehnatimizga yarasha manfaat koʻryapmiz. Ishlash, dam olish bilan bogʻliq boʻlgan barcha shart-sharoitlar yaratib berilgani sifatli va xaridorgir boʻlgan mahsulot turlarini tayyorlashda qoʻl kelmoqda.
Darhaqiqat, korxona ishlab chiqarish sexlarida tayyorlanayotgan mahsulotlarga dunyo bozorida talab yuqori. Ayni kunda ishlab chiqarish tarmoqlarida tayyorlangan mahsulotlarning asosiy qismi Rossiya, Belorussiya singari yaqin xorijiy mamlakatlarga eksport qilinmoqda.
Ayni kunda istiqbolli loyihaning ikkinchi bosqichi-jun aralashmali ip-kalava ishlab chiqarish borasida amaliy ishlar boshlandi. Bu jarayonga 3,5 million AQSH dollari miqdorida investitsiya jalb etilib, zamonaviy ishlab chiqarish uskunalari olib kelindi. Yangi tarmoq bir vaqtning oʻzida 400 nafardan ortiq mahalliy yoshlar bandligini taʼminlaydi. Yillik ishlab chiqarish quvvati 840 tonnani, 2 million pogonomertni tashkil etadi.
Bu loyiha harbiylar va davlat xizmatchilari formali kiyimlari uchun ip ishlab chiqarish va dunyo bozorida xaridorgir boʻlgan poliviskoza, poliyester-paxta aralashma tarkibli matolar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish imkoniyatini berdi.
–Istiqbolli loyiha ustuvor jihatlari bilan ajralib turadi,–deydi ishlab chiqarish rahbari Doniyorjon Obidov. – Loyihaning ikkinchi bosqichini amalga oshirish orqali har yili 6,2 million AQSH dollari miqdoridagi valyuta tejab qolinadi. Mato uchun buyurtmalarning ishlab chiqarish muddati ikki baravar qisqaradi. Mahsulotning 40 foizi eksport qilinadi. Jun aralashmali mato ishlab chiqarishni mahalliylashtirilishi hisobiga mahsulotlar tan narxi sezilarli ravishda kamaytirishga erishiladi.
Fargʻona viloyati hokimi Shuhrat Gʻaniyev mazkur korxona ishlab chiqarish faoliyati bilan bogʻliq taqdimot marosimida ishtirok etdi. Xususan, bu yerda ishlab chiqarishga joriy qilingan yuqori unumli texnika va texnologiyalar, yangi loyihalar bilan tanishdi, ishchi- xizmatchilar, loyiha tashabbuskorlari bilan suhbatlashdi.