Fargʻonada pilla hosilining choʻgʻi baland
Toshloqliklarning pilla yetishtirish borasidagi tajribasi pandemiya sharoitida ham qoʻl keldi.
Toshloqliklarning pilla yetishtirish borasidagi tajribasi pandemiya sharoitida ham qoʻl keldi. Ular karantin qoidalariga amal qilgan holda viloyatda birinchilardan boʻlib sara pilla hosili yetishtirdi.
Joriy mavsumda tumanda 3 ming 250 quti ipak qurti urugʻlari parvarishlandi. Bu 200 tonnaga yaqin “kumush tola” yetishtirish imkoniyatini beradi. Shu maqsadda 240 fermer xoʻjaligi, 200 kasanachi bilan belgilangan tartibda mehnat shartnomalari imzolandi, 2600 dan ortiq aholi mavsumiy ishlarga jalb etildi.
“Istiqlol” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi Maʼmuraxon Erkaboyeva pilla yetishtirish hadisini olgan. Ayniqsa, ipak qurti urugʻlarini plyonka ostida parvarishlash, oziqlantirishda oʻziga xos tajribaga ega. Shu bois hosilni terib olish amallariga birinchilardan boʻlib kirishdi. Sidqidildan qilingan mehnat barakali boʻldi. Har bir quti qurt urugʻidan 60 kilogrammdan ortiq sanoat xomashyosi terib olindi. Oilaga pillachilikdan kelgan daromad miqdori ikki million soʻmdan oshdi. Xonadon bekasi yillik mehnat ish stajiga ega boʻldi.
– Aholi bandligini taʼminlash, farovonligini oshirishda pillachilik alohida ahamiyat kasb etmoqda, – deydi “Istiqlol” MFY raisi Gulnora Madrahimova. – Mavsumda ijtimoiy nochor 6 kambagʻal oila kasanachilik asosida ipak qurti boqish ishlariga jalb etildi. Bu ish usuli ehtiyojmand oilalarga har jihatdan foyda keltirib oila farovonligini taʼminlamoqda. Yetishtirilgan mahsulotga tarozining ustida, yaʼni birdaniga hisob-kitob qilinmoqda, pillakor yillik ish stajiga ega boʻlyapti. Joriy mavsumda mahallamizdagi 130 xonadonda ipak qurti urugʻlari parvarishlandi. Dastlabki pilla xirmonlarining salmogʻi chakki emas.