Farg‘onada paxta yig‘im-terimi davom etmoqda
Farg‘ona viloyatida joriy yilda paxtadan 34-35 sentnerdan hosil olinmoqda. Tumanlarning aksariyati paxta tayyorlash rejasini bajargan bo‘lsa-da dalalarda yana hosil bor.
Farg‘ona viloyatida joriy yilda paxtadan 34-35 sentnerdan hosil olinmoqda. Tumanlarning aksariyati paxta tayyorlash rejasini bajargan bo‘lsa-da dalalarda yana hosil bor.
Dang‘ara tumanining Naymancha mahallasida yashovchi 106 yoshli Xolmurod ota Qirolov hali ham yigitlarga xos g‘ayrat-shijoatga ega. Tinib-tinchimas otaxon nafaqat ezgu duosi, balki o‘z mehnati bilan ham barchaga o‘rnak bo‘lmoqda.
Naymancha dehqonchilik qilish uchun noqulay hududda joylashgan bo‘lib, fermer xo‘jaliklari rejadagi hosilni olishi uchun astoydil mehnat qilishi kerak. Shu hududdagi Habibullo Haydarov boshchiligidagi “Yigitali ota” fermer xo‘jaligi a’zolari joriy yilda tumanda birinchi bo‘lib, 7 ish kunida shartnoma rejasini bajardi. Birinchi terimning o‘zida 25 gektar yerda parvarishlangan “Sulton” navli paxtadan 80 tonnaga yaqin hosil yig‘ishtirib olindi. Paxta yig‘im-terimi ishlarida yoshi ulug‘ otaxonning ham faol ishtirok etgani e’tiborga sazovor.
–Biz yurt chorlaganda “Labbay” deya xizmatda kamarbasta bo‘ladigan elning farzandlarimiz, – deydi Xolmurod ota. – Xalqimizning rizq-nasibasi terilayotgan shunday kunlarda uyda o‘tirib bo‘ladimi, axir. Har kuni tushgacha terimchilarga baholi qudrat yordamlashdim. Yerni yaxshi ko‘rgan odam hech qachon charchamaydi.
“Oqtepa” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan yana bir yosh fermer Ayubxon Nosirjonov rahbarlik qilayotgan “Ayubjon Nodirxon” fermer xo‘jaligi ham 10 ish kunida rejani uddaladi. 36 gektar yerda “Sulton” navi parvarishlanib, birinchi terimning o‘zida har gektar yerdan 30 sentnerdan hosil olindi. Hosil to‘liq birinchi sortga sotildi va mahalladan qatnashayotgan terimchilarga qariyb 90 million so‘m naqd pul tarqatildi. Bunday yutuqdan ruhlangan fermer baliqchilik faoliyatini rivojlantirish va ishlab chiqarish tarmoqlarini yanada kengaytirishni rejalashtirmoqda.
“Haydarov Sattorali” fermer xo‘jaligi a’zolari ham birinchi terimning o‘zida rejaga qo‘shimcha 10 tonnaga yaqin sifatli sanoat xom ashyosi terib olishdi. 34 gektar yerda yetishtirilgan “Sulton” navi bu fermer xo‘jaligida ham iqtisodiy jihatdan yaxshi samara berdi. Bugungi kunda xo‘jalik a’zolari 2020 yil hosili uchun 45 gektarga ekilgan bug‘doy parvarishini bir maromda olib borishmoqda.
Dang‘ara tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Bahrom Eshonqulovning qayd etishicha, hozirgi kungacha 168 ta fermer xo‘jaliklari deyarli yuz foiz rejani uddaladi. Buning samarasi sifatida Dang‘ara tumani ham rejani bajarib, 6 ming 190 gektar paxta maydonidan 18 ming 100 tonadan ziyod hosil yig‘ishtirib olindi. Ayni kunlarda 53 ta yig‘im-terim otryadlari tomonidan mavsum yumushlari uyushqoqlik bilan davom ettirilmoqda.