Farg‘onada Koreya xalqaro universiteti
Farg‘ona shahrida Koreya xalqaro universitetining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Farg‘ona shahrida Koreya xalqaro universitetining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda so‘z olganlar mazkur universitetning tashkil etilgani xalqaro ta’lim standartlari darajasida iqtisodiyot va sanoat sohasida yetuk kadrlar tayyorlash borasida yana bir muhim qadam bo‘lganini ta’kidladi.
Mamlakatimizda barcha sohalar qatorida oliy ta’lim tizimini jahon standartlari darajasiga olib chiqish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Raqobatbardosh va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni tashkil etish, oliy ta’lim sohasidagi xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirishga muhim e’tibor qaratilib, xorijiy mamlakatlarning yetakchi oliy o‘quv yurtlari, ilmiy tadqiqot markazlari bilan mustahkam aloqalar yo‘lga qo‘yilmoqda. Farg‘ona viloyatida Koreya xalqaro universitetining tashkil etilishi ham ana shu ezgu sa’y-harakatlarning amaliy ifodasidir.
– Universitetda o‘qitish to‘lov-kontrakt asosida koreys, ingliz va o‘zbek tillarida kunduzgi ta’lim shaklida amalga oshiriladi, – deydi Koreya xalqaro universiteti rektori Pak Jun Xu. – Joriy yilda 720 nafar yosh o‘qishga qabul qilinishi rejalashtirilgan. Bitiruvchilarga O‘zbekiston va Janubiy Koreyada tan olinuvchi belgilangan namunadagi diplom beriladi. Birinchi yil ta’lim muassasasida 9 ta yo‘nalish bo‘yicha, 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab 14 ta yo‘nalish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi.
Ayni kunlarda universitetda maktabgacha ta’lim, turizm menejmenti, kompyuter dasturlashtirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, arxitekturaviy loyihalash, elektr energetika, avtomobilsozlik, koreys tili, go‘zallik industriyasida menejment ta’lim yo‘nalishlari ochildi.
Mehmonlar universitetda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Ochilish marosimida Farg‘ona viloyati hokimi Sh.G‘aniev so‘zga chiqdi.