Fargʻonada ishbilarmon ayollar aniqlanmoqda
OʼzLiDeP Fargʻona viloyati Kengashi tomonidan “Ishbilarmon ayol” koʻrik-tanlovining hududiy bosqichlari koʻtarinki ruhda boʻlib oʻtmoqda.
OʼzLiDeP Fargʻona viloyati Kengashi tomonidan “Ishbilarmon ayol” koʻrik-tanlovining hududiy bosqichlari koʻtarinki ruhda boʻlib oʻtmoqda.
Quvonarlisi, ushbu tanlov orqali yangidan-yangi tadbirkor va ishbilarmon, hunarmand ayollar kashf etilmoqda.
Koʻrik-tanlov asosan hududlarda xotin-qizlar oʻrtasida oilaviy tadbirkorlikni jadal rivojlanishini ragʻbatlantirish, tadbirkorlik rivojida ayollarning ishtirokini yana-da kuchaytirishni qoʻllab-quvvatlash, jamiyatda xotin-qizlar tadbirkorligini sifat jihatdan rivojlantirishdagi ilgʻor tajribalarni ommalashtirishga xizmat qilishi bilan diqqatga sazovordir.
Quva Tumanining “Turk” qishlogʻida 2017-yilda oʻz ish faoliyatini boshlagan Munojatxon Xolmirzayeva rahbarligidagi “Izzatsher, Ibratsher Fayzi” oilaviy korxonasida hozirgi kunda bolalar va kattalar ustki kiyimlarini ishlab chiqariladi. Shuningdek, ikki qavatdan iborat “Temurbeklar” zamonaviy nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasida yuzga yaqin qishloq bolalariga taʼlim-tarbiya berish bilan birga, ingliz, rus tillari oʻrgatilmoqda.
Bundan tashqari, oilaviy korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tuman ichki bozoriga, shuningdek, qoʻshni Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Tojikiston Respublikalariga eksport qilinayotgan boʻlsa, manzarali daraxt va gul koʻchatlari shartnoma asosida tumandagi tashkilot va muassasalarga yetkazib berilmoqda. “Ishbilarmon ayol” koʻrik tanlovining Quva tuman bosqichida hakamlar hayʼati tomonidan Munojatxon Xolmirzayeva gʻolib deb topilib, tanlovning viloyat bosqichiga yoʻllanma oldi.
Tanlovning Fargʻona shahar bosqichi ham aʼlo daraja tashkil etildi. Unda shahardagi “Sodiqjon va Donoxon” oilaviy korxonasi rahbari Donoxon Hamraqulova birinchi oʻringa loyiq topildi.
Tadbirkor yurtimizdagi mashhur bolalar jurnallari – “Bilimdon”, “Dono Vord” jurnallarini boshqaradi. Bu jurnallar 3 xil tilda chop etiladi. Hozirda bu jurnallarni yurtimizdagi barcha bolajonlar qiziqish bilan oʻqib kelmoqdalar. Tadbirkor 70 dan ortiq yurtdoshlarimizni ish bilan taʼminlagan.
Tanlovlarda fargʻonalik xotin-qizlarning iqtisodiyot tarmoqlari, xususiy va kichik biznes, oilaviy tadbirkorlik, milliy hunarmandchilik sohalarini rivojlantirishga qoʻshayotgan hissalari, tadbirkor ayollarning aholi bandligini taʼminlash, oilalar farovonligini yuksaltirishdagi oʻrni va xizmatlari alohida eʼtirof etildi.
Shohsulton Toʻxtamatov,
OʼzLiDeP Fargʻona viloyati Kengashi matbuot kotibi.