FarDU – BMT Akademik Tashabbusining rasmiy a’zosi
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimida jiddiy va katta o‘zgarishlar yuz berdi. Oliy o‘quv yurtlari o‘zini o‘zi boshqarish huquqiga ega bo‘ldi. Ana shunday oliy o‘quv yurtlaridan biri Farg‘ona davlat universitetidir.
Bilimdonlik va tashabbuskorlik bilan boshqaruv natijasida universitetning ilmiy salohiyati 54 foizga yetdi, 8 ta ilmiy Kengash tashkil etildi, ta’lim olayotgan yoshlar soni 34 ming nafarga yetdi, yangi va zamonaviy talabalar turar joylari barpo etildi.
Shu boisdan ham dunyoning nufuzli reytinglarida bu oliy o‘quv dargohi faoliyati yuqori baholanib kelinmoqda. Buni Birlashgan Millatlar Tashkiloti ko‘rib chiqdi va universitetni BMTning Akademik Tashabbusi (UNAI) ga rasmiy a’zo sifatida qabul qildi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Akademik Tashabbusi (UNAI) global ilmiy hamjamiyat va ta’lim muassasalarini BMTning asosiy tamoyillari, xususan, barqaror taraqqiyot, inson huquqlari, tinchlik, ta’limga bo‘lgan teng imkoniyatlar va ijtimoiy javobgarlik g‘oyalari atrofida birlashtiruvchi platformadir.
Unga a’zolik universitetga qanday imtiyozlar beradi?
UNAI a’zoligi universitetning BMT maqsadlariga sodiqligi va global miqyosdagi akademik tashabbuslarda faol ishtirokini bildiradi. Bu esa o‘z navbatida oliy dargoh obro‘sini ko‘taradi, xalqaro hamkorlar oldida ishonchliligining tan olinishini ta’minlaydi. Unga a’zo bo‘lgan universitetlar BMT va UNAIning boshqa a’zolari bilan xalqaro loyiha, konferensiya, talabalar almashinuvi va ilmiy izlanishlar doirasida hamkorlik qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Universitet BMTning ushbu platformasida o‘z tashabbuslarini ilgari surish, yillik hisobotlar orqali faoliyatini namoyish etishi mumkin.
Farg‘ona davlat universiteti endilikda UNAI logotipidan o‘zining bu platforma doirasidagi loyihalari, veb-sayti va nashrlarida qonuniy asosda foydalanadi.
Universitet UNAIga a’zolik orqali talabalar va professor-o‘qituvchilar global masalalar, SDG (Sustainable Development Goale) yo‘nalishlaridagi loyihalarda ishtirok etish, Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan bog‘liq bo‘lgan xalqaro dasturlar va grantlarga murojaat qilish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.
Albatta, Farg‘ona davlat universitetining dunyo miqyosidagi yana bir e’tirofi quvonchlidir.
Muhammadjon Obidov, O‘zA