Faollar “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi (+video)
Farg‘onada “Markaziy Osiyo va Ozarbayjon do‘stlik forumi” davom etmoqda. Bugun uning ishtirokchilari “Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon do‘stligining yangi davri” mavzuidagi xalqaro yalpi konferensiyada qatnashdilar.
Dastlab Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov anjuman qatnashchilarini tabrikladi.
–Bir yil muqaddam uch davlat rahbarlarining Xo‘jand uchrashuvida hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev endi millatlararo, xalqlararo munosabatlarni turli ko‘rinishda mustahkamlash lozimligini bildirgan edilar. Farg‘ona forumi ana shu tilakning ijobatidir, – dedi viloyat hokimi.

Konferensiyada so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston diniy va millatlararo bag‘rikenglikning yorqin namunasini ko‘rsatmoqda, dedilar. Ular O‘zbekistonda maktablarda 7 tilda ta’lim berilayotgani, 14 tilda ommaviy axborot vositalari mavjudligi, 157 ta milliy madaniy markaz faoliyat ko‘rsatayotganini faxr bilan ta’kidladilar. Endi hududlararo munosabatlarda millatlararo aloqalarga urg‘u berish, yoshlarni bu ishga faol jalb etish muhimligini bildirishdi.

–Qozoq bilan o‘zbekni tirnoq bilan etdek bir-biridan ajratib bo‘lmaydi. Ming yillar davomida og‘a - ini bo‘lib yashadik. Hozirga kelib do‘stlikning yangi rishtalari topilayotganidan xursandmiz, – deydi O‘zbekistondagi Qozoq milliy madaniy markazi raisi Serikbay Useinov. – Qozog‘iston delegatsiyasi O‘zbekistondagi diniy bag‘rikenglikni hamda “Do‘stlik stellasi”ni ko‘rib hayratda qolyapti. Chegaralar aniqlashdi. Endi do‘stlik rishtalarini yanada mustaxkamlash zarur. Birligimizga ko‘z tegmasin. Do‘stligimiz abadiy bo‘lsin.

Konferensiyada “Do‘stlik stellasi” nafaqat uch davlat, balki mintaqadagi barcha davlatlarda istiqomat qiluvchi millatlar birligiga aylanishi lozim, degan g‘oya ilgari surildi. Markaziy Osiyo xalqasiga Ozarbayjon qo‘shilishi chegara emas. Boshqa turkiy davlatlar uchun ham do‘stlik xalqasi ochiq, deyildi.

–Bugun turkiy davlatlarni yagona taqdir birlashtiryapti. Iqtisodiyot, madaniyat, tariximiz bir. Kelajagimiz ham bir,– deydi Ozarbayjon Respublikasi Diaspora bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari V.Gadjiyev. –Aslida tarix Osiyodan boshlangan. Hozirgi O‘zbekiston hududi dunyoga buyuk zotlarni bergan. O‘zbekiston bizning ham ota yurtimizdir. Shuning uchun Ozarbayjon, ozariylar hamisha siz bilan birga.


Konferensiya doirasida eng faol jamoatchilar “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Farg‘onada do‘stlik forumi davom etmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/B24QX_kicJs" title="Faollar “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov(video, surat), O‘zA