FAO ko‘magida ishlab chiqilgan qonun amalda...
Joriy yil 4 aprel kuni FAOning “Barqaror oziq-ovqat tizimlarini geografik ko‘rsatkichlar orqali mustahkamlash” loyihasi doirasida Xorazm viloyatining Urganch shahrida O‘zbekistonning g‘arbiy mintaqalari uchun alohida e’tiborga molik qishloq xo‘jaligi mahsuloti – noyob qovun navlari uchun geografik ko‘rsatkich belgisini berish masalasini muhokama qilishga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir AQSH xalqaro taraqqiyot agentligi – USAIDning agrobiznesni rivojlantirish loyihasi, "Hilfswerk International" tashkiloti tomonidan amalga oshirilayotgan va Yevropa Ittifoqining “Markaziy Osiyo – Invest V” dasturi hamda Avstriya taraqqiyot agentligi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Markaziy Osiyoda agrobiznes va savdoni rivojlantirishda kichik va o‘rta hajmdagi agrobiznes korxonalarning raqobatbardoshligi va salohiyatini oshirish uchun mintaqaviy integratsiya – CANDY V” loyihasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
O‘zbekistonning Xorazm viloyati qadimdan qovun yetishtirish bo‘yicha mashhur hudud hisoblanadi, bu yerda qovunning 125 ga yaqin navlari yetishtiriladi. Bunda “Gurvak” navi muhim o‘rin tutadi, hatto, ushbu qovun sharafiga mintaqada festival o‘tkaziladi.

– Ikki oshpaz bir xil taomni tayyorlaydi, lekin ulardan biri uni yanada mazali qiladi va bunga ko‘p omillar ta’sir qiladi. Bizda ham xuddi shunday – bu kabi shirin va mazali qovun navlarini boshqa hech qayerda uchratmaysiz. Buning asosiy sababi ota-bobolarimiz o‘rgatgan usul bo‘yicha yerga ishlov berib, qovun yetishtirganimizdir. Bundan tashqari, Amudaryo deltasidagi tuproqning o‘ziga xos tarkibi ham muhim rol uynaydi, – deydi davra suhbatida ishtirok etgan fermer Xudoybergan Allaberganov.
“Gurvak” qovuni geografik kelib chiqishi tufayli mahsulot sifati va o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lishning yorqin namunasidir. Dunyoga mashhur Provans zaytun moyi, Xitoy va Lion ipaklari, Samarqand qog‘ozi, Bordo, Luara va Burgundiya vinolari ham bunga misol bo‘la oladi.
O‘zbekiston Respublikasining “Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida”gi yangi qonuniga ko‘ra, kelib chiqish joyi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan an’anaviy mahsulotlar mamlakatimizda “geografik ko‘rsatkich” maqomiga va intellektual mulk ob’ekti sifatida huquqiy himoyaga ega bo‘lishi mumkin.
Mazkur hujjat BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ko‘magida “Ma’muriy tizimni mustahkamlash orqali barqaror geografik ko‘rsatkichlarni boshqarish va qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida ishlab chiqilgan.

– FAO mamlakatda geografik ko‘rsatkichlarni targ‘ib qilishga qaratilgan ikkita loyiha doirasida O‘zbekistonda yordam ko‘rsatadi, – dedi FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari Sherzod Umarov. – Birinchisi, loyiha doirasida O‘zbekistonning “Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida”gi qonunini ishlab chiqishda ko‘mak berdik. Bu loyiha muvaffaqiyatli yakunlandi. “Barqaror oziq-ovqat tizimlarini geografik ko‘rsatkichlar orqali mustahkamlash”mavzusidagi ikkinchi loyiha esa alohida mahsulotlar uchun amalda bo‘lgan geografik ko‘rsatkichlarni keng tatbiq etishga qaratilgan.
Tashkilot vakilining so‘zlariga ko‘ra, ikkinchi loyiha doirasida samarali marketing strategiyasi ishlab chiqilmoqda hamda qishloq xo‘jaligi bozorini axborot bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan. Bularning barchasi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
“Gurvak” qovuni yangi qonun asosida geografik ko‘rsatkichlari ro‘yxatdan o‘tkaziladigan birinchi mahsulotga aylanishi mumkin. Davra suhbati ishtirokchilari mashhur Xorazm qovunlariga yangi maqom berish, eksportni ko‘paytirish, agroturizmni rivojlantirish, shuningdek, “Made in Uzbekistan” brendini targ‘ib qilishga yordam berishini ma’lum qildi.
O‘zA