Fan olimpiadasi yoshlarning o‘qishga bo‘lgan intilishini kuchaytiradi
Maktab va oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida o‘zaro integratsiyani ta’minlash, bolalarning o‘qishga bo‘lgan intilishi va qiziqishini yanada kuchaytirish, bugungi kunda eng dolzarb yo‘nalish sanalgan muhandislik bo‘yicha kadrlar tayyorlashni yanada takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining (Milliy tadqiqot universiteti) Toshkent shahridagi filialida 10-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Gubkin fan olimpiadasi –2026” o‘tkazilmoqda.

Mazkur fan olimpiadasi talabalarning ijodiy qobiliyatlari va ilmiy tadqiqotlarga qiziqishlarini aniqlash va rivojlantirish tizimini takomillashtirish, pedagoglarni yuqori motivatsiyaga ega yoshlar bilan ishlashga jalb qilishni ko‘zlashi bilan ahamiyatli.
Unda mazkur olimpiadada qatnashish istagini bildirgan umumta’lim maktablari, litsey va kollejlarning o‘quvchilari “Rus tili” fani bo‘yicha bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.
– Ta’kidlash joizki, filialda olimpiada orqali iqtidorli yoshlarni saralash an’anaga aylangan va bu o‘zining yuqori samaradorligini ko‘rsatdi, – dedi Rossiya davlat neft va gaz universitetining (Milliy tadqiqot universiteti) Toshkent shahridagi filiali direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Mirzaanvar Ahmedov. – 2025-yilda filialda o‘tkazilgan “Rus tili” va “Matematika” fanlaridan 1-Gubkin fan olimpiadasida 267 ta umumta’lim maktabi, 62 ta litsey va 7 ta kollejdan jami 840 nafar o‘quvchi mamlakatimizning turli hududlaridan qatnashgan. Natijalarga ko‘ra, 9 nafar ishtirokchi g‘olib deb e’lon qilingan, 174 nafar ishtirokchi sovrindor bo‘ldi va filialga kirish imtihonlarisiz davlat granti asosida o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

Hozirda olimpiada natijalari asosida qabul qilingan 4 nafar g‘olib va 60 nafar sovrindor filialda davlat granti asosida tahsil olmoqda.
Gubkin fan olimpiadasi 2025-yil g‘oliblari talabalar turar joylari to‘lovlaridan ham ozod qilingan. 1-kursda 193 nafar talaba tahsil olsa, ulaning 116 nafari Gubkin fan olimpiadasi g‘olib, sovrindor va ishtirokchilari bo‘lib, filialga kirish imtihonlarisiz qabul qilingan.
2025-yil noyabr oyidan buyon filial Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahri tumanlariga tashrif buyurib, maktab-OTM tizimida ta’limni rivojlantirish sohasidagi aloqalarni mustahkamlash va hamkorlikni yanada rivojlantirish, umumta’lim maktablari bitiruvchilarini kasbiy yunaltirish hamda filial tomonidan o‘tkaziladigan Gubkin fan olimpiadasi maqsad va vazifalarini tushuntirish buyicha keng kulamli ishlarni amalga oshirdi.
Filial faoliyati natijasida 2026-yilgi olimpiadada O‘zbekistonning turli viloyatlaridagi 200 ta maktab, 19 ta litsey va 17 ta kollejdan “Rus tili” va “Matematika” fanlariga qiziqish bildirgan va yuqori darajadagi bilim va ijodkorlikni namoyish etish istagini bildirgan 1320 nafar iqtidorli o‘quvchi ishtirok etadi. Har bir fan buyicha 1100 dan ortiq o‘quvchi ishtirok etishi kutilmoqda.
Umumta’lim maktablari vakillari, o‘quvchilar va ularning ota-onalarining ko‘plab murojaatlariga ko‘ra, 2026-yilgi II Gubkin fan olimpiadasi ikkita hududda bir vaqtning o‘zida - Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati ishtirokchilar uchun Nukus shahri P.Seytov ko‘chasi, 8-uyda, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida va Toshkent shahri va boshqa viloyatlar ishtirokchilari uchun Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani Do‘rmon yuli ko‘chasi, 34-uyda o‘tkazilmoqda.
Gubkin fan olimpiadasi nizomiga muvofiq olimpiada g‘oliblari va sovrindorlariga I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining (Moskva, Rossiya) sertifikatlari topshiriladi. Bu ularga universitetning Toshkent filialiga kirish imtihonlarisiz talaba bo‘lish va filialda davlat granti asosida o‘qish imkonini beradi.

Gubkin fan olimpiadasi g‘olib va sovrindori bo‘la olmagan, ammo tegishli fanlardan kamida 40 ball to‘plagan ishtirokchilarining ushbu natijalari tegishli fan bo‘yicha kirish imtihonlari natijalari sifatida hisoblanishi mumkin.
“Rus tili” fanidan olimpiada ochilish marosimi 2026-yil 11-aprel kuni bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligi vakillari, I.M.
Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti vakillari, umumta’lim maktablari direktorlari va olimpiada ishtirokchilaring ota-onalari ishtirok etishdi.
Bu kabi fan olimpiadalari o‘quvchilarning bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqi va qiziqishini tobora kuchaytirish, soha uchun bilimli, salohiyatli, har jihatdan yetuk kadrlarni saralab olish, ta’lim tizimining turli bo‘g‘inidagi o‘quv maskanlari o‘rtasidagi integratsiya va hamkorlikni ta’minlash imkonini beradi.
Nazokat Usmonova, O‘zA