Ezgulik va ma’rifat sari yo‘l
Samarqandning muqaddas qadamjolari yangi qiyofa, yangi mazmun kasb etib, ma’rifat maskaniga aylanmoqda, xalqimiz ruhiy-ma’naviy olamini boyitmoqda.
Samarqand – asrlar sadosi, buyuk tamaddun nafasi, ilm va ma’rifatning betakror shukuhini o‘zida aks ettirgan zamin. Bu azim shahar nafaqat Sharqning durdonasi, balki islom olamining ma’naviy tayanchlaridan biri sifatida azaldan ma’lumu mashhur bo‘lib kelgan. Ana shu tabarruk zaminda Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom ad-Doromiy, Mahdumi A’zam singari buyuk zotlar qoldirgan ilmiy va ma’naviy meros bugun ham insoniyatni ezgulik, ma’rifat va bag‘rikenglikka chorlab kelmoqda.
Keyingi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ana shu ulug‘ ajdodlarimiz mangu orom topgan maskanlar va boshqa muqaddas qadamjolar yanada obod qilindi, bunyodkorlik ishlari olib borildi. Bu orqali nafaqat tarixiy obidalar qayta tiklandi, balki jahon musulmonlari intiladigan zamonaviy ziyorat markazlariga aylantirildi.
Imom Buxoriy majmuasi – ezgulik va ma’rifat nurini taratayotgan dargoh
Muhaddislar sultoni, hadis ilmining beqiyos allomasi Imom Buxoriy nomi tilga olinganda, butun musulmon olami yuksak ehtirom bilan bosh egadi. Chunki, uning “Al-jome’ as-sahih” asari Qur’oni karimdan keyingi eng mo‘’tabar manba sifatida tan olingan. Allomaning o‘zi esa payg‘ambarimizning eng sahih hadislarini to‘plagan, bu boradagi boshqa muhaddislarga saboq bergan ulug‘ zot sifatida e’zozlanadi.
Ming afsuski, sobiq sovet mafkurasi nainki Imom Buxoriy, balki boshqa diniy ulamolarimiz merosini o‘rganish, ular nomi bilan bog‘liq maskanlarni ziyorat manzillariga aylantirishga ham to‘siq qo‘ygandi. Vatanimiz mustaqilligi tufayligina xalqimiz ma’naviy olamining asosini tashkil etadigan diniy-ma’rifiy soha milliy mafkuramizning bir bo‘lagi sifatida belgilandi. Ulug‘ allomalar, imom va avliyolar nomini emin-erkin tilga oladigan bo‘ldik, ular ma’naviy merosini o‘rganish hamda targ‘ib etish imkoniyati yaratildi.
Jumladan, Samarqand viloyatining Payariq tumanida joylashgan buyuk muhaddis Imom Buxoriy mangu orom topgan maskan ham o‘tgan asr 90-yillari oxirida, obod qilinib, muqaddas ziyoratgohga aylantirildi. O‘sha davrda endigina mustaqillikka erishib, soha va tarmoqlarni yangidan shakllantirayotgan, iqtisodiyoti o‘ziga yarasha bo‘lgan davlat uchun bu ham katta gap edi.
– 1998-yilda Imom Buxoriy tavalludining 1225-yilligi munosabati bilan ulug‘ muhaddis majmuasida ilk bor keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, bu maskan obod qilingandi, – deydi ko‘p yillar Imom Buxoriy masjidi imom-xatibi bo‘lgan Mahmudjon Ibodullayev. – Bu ishlar asosan hashar yo‘li bilan nihoyatda qisqa fursat – 8 oyda bajarilgandi. Alloma qabri ustida ulkan maqbara, milliy uslubdagi ayvonlar, katta masjid qurilgandi. Keyinchalik ham hududda bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari olib borildi. Lekin Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatida faoliyat boshlagach, boshqa muqaddas qadamjolarimiz qatori Imom Buxoriy majmuasiga e’tibor ham tubdan o‘zgardi. Avvalo, bu yerda ulug‘ muhaddis ilmiy merosini o‘rganish maqsadida xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, hadis maktabi tashkil etildi. So‘ngra 5-6 yil davomida Imom Buxoriy majmuasi buyuk allomaning ilmiy salohiyati va ma’naviy qudratiga munosib ravishda qayta barpo etildi. Bugun bu maskan shunchaki ziyoratgoh emas, balki dunyo musulmonlari talpinadigan, ruhiy quvvat oladigan ma’rifat maskani, yirik turizm markaziga aylanmoqda.

Rostdan ham, 45 gektar maydonda bunyod etilgan bu ulkan ziyoratgohga qadam qo‘ygan inson, avvalo, uning muhtashamligi va nafis me’morchiligiga mahliyo bo‘ladi. Ko‘kka bo‘ylashgan 75 metrlik to‘rt minora, moviy osmon bilan uyg‘unlashib ketgan 14 gumbaz, milliy me’morchilik an’analari mujassam bo‘lgan 154 ustunli ayvon, o‘n ming namozxonni bag‘riga sig‘dira oladigan muhtasham masjid bularning barchasi milliy me’morchilik san’ati va zamonaviy muhandislik yechimlarining betakror uyg‘unligidir.
Majmuaning yuragi esa, shubhasiz, buyuk muhaddisning tabarruk maqbarasi. Bu yerda hukm surayotgan sokinlik, nur va fayz har bir ziyoratchini chuqur tafakkurga chorlaydi. Ilgari majmuaga kelganlar yaxshi eslaydi – ziyoratgoh to‘rida bunyod etilgan maqbara ostida asosiy qabr joylashgan joy nihoyatda kichik bo‘lib, besh-olti kishigina kira olar edi. Bugun esa ulkan maqbara va unda ramziy qabr o‘rnatilishi bilan birga birinchi qavatda asosiy qabr atrofi ham kengaytirilib, ziyoratchilar uchun qulay sharoit yaratildi.
Aynan shu yerda, birinchi qavatda zamonaviy axborot texnologiyalari asosida innovatsion muzey yaratildi. To‘qqiz pavilondan iborat muzey bu maskanning ma’naviy ahamiyatini yanada boyitgan. Bu yerda Imom Buxoriyning hayoti, ilmiy safarlari, hadislarni jamlashdagi mashaqqatli mehnati, Qur’oni karimda nomi zikr etilgan payg‘ambarlar tarixi, Rasululloh alayhissalomning muborak hayot yo‘li interaktiv usullarda namoyish etilgan.
Imom Buxoriy majmuasi ilgari bir kunda 12 ming ziyoratchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, yaratilgan keng imkoniyatlar tufayli bugun bir kunda 65 ming nafar ziyoratchini qabul qilish quvvatiga ega bo‘ldi. Ziyoratchilar uchun yigirmadan ortiq mehmonxonalar, servis markazlari, oilaviy mehmon uylari, avtoturargohlar qurilib, muqaddas qadamjo haqiqiy ziyorat shaharchasiga aylantirildi. Natijada yangilangan majmua ziyoratchilar uchun o‘z eshiklarini ochgan mart oyining so‘nggi o‘n kunligidan buyon bu yerda 2,5 milliondan ortiq mehmon kelib, muqaddas maskanni ziyorat qildi.
Eng muhimi, bugun bu yerga nafaqat yurtdoshlarimiz, balki dunyoning turli mamlakatlaridan minglab musulmonlar tashrif buyurmoqda. Ayrim davlatlar, hatto, Haj va Umra safari dasturini Samarqanddagi Imom Buxoriy ziyoratidan boshlash tashabbusini ilgari surmoqda.
Yaqinda yurtimizda ilk bor tashkil etilgan “I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” xalqaro forumi doirasida majmuada “Imom Buxoriyning “Al-jome’ as-sahih” asari – Ummat kitobi” mavzusidagi xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Unda ishtirok etgan o‘ndan ortiq xalqaro tashkilotlar rahbarlari, 50 ga yaqin mamlakatdan kelgan diniy ulamolar, davlat va jamoat arboblari Imom Buxoriy yodgorligi islom olamining tabarruk ziyoratgohlaridan biri, ulkan ma’rifat maskaniga aylanganini e’tirof etdi.
[gallery-30700]
Imom Moturidiy majmuasi ko‘rkam ziyoratgoh bo‘ladi
Ayni paytda Samarqandning yana bir muqaddas go‘shasi – Imom Moturidiy maqbarasi atrofida ham ulkan bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining qaroriga ko‘ra, o‘tgan yil yurtimizda aqida ilmi asoschisi Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155-yilligi keng nishonlandi. Aqida ilmida Abu Mansur Moturidiyning ilmiy merosi butun musulmon olami uchun beqiyos ahamiyatga ega. Ana shu ulug‘ zotga munosib ziyoratgoh barpo etish maqsadida o‘tgan yil Samarqand shahridagi Chokardiza qabristoni hududida, Imom Moturidiy majmuasini qayta ta’mirlash va obodonlashtirishga kirishilgandi.

Hozirgi kunda 12 gektar hudud mutlaqo yangi qiyofa kasb etmoqda. Yangi masjid, muzey, muhtasham peshtoq va ayvonlar barpo etilmoqda. 2000-yilda qurilgan maqbara rekonstruksiya qilinib, uning gumbazi qayta tiklandi. E’tiborlisi, qurilish ishlari davomida buyuk faqih Burhoniddin Marg‘inoniy dafn etilgan joy aniqlanib, uning maqbarasi va ko‘rkam ayvon qurilyapti. Chokardiza qabristonida esa ulug‘ ajdodlarimiz xotirasiga ehtirom sifatida dahma barpo qilindi.
– Majmua qurilishida korxonamiz ishchi-xodimlari bilan birga Xitoy, Turkiya, Eron qurilish kompaniyalari mutaxassislari, mahoratli ustalar ham ishtirok etmoqda, – deydi bosh pudratchi – “Samtexnostroyinvest” mas’uliyati cheklangan jamiyati ish boshqaruvchisi Navro‘z Safarov. – Shu paytgacha hududdagi barcha ob’ektlarning asosi qurilib, hozirda bezak berish, obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Ikkita maqbara, masjid va muzey gumbazlari eronlik ustalar tomonidan bezatildi. Hozirda bu inshootlarning ichki qismlari xorijdan keltirilgan noyob toshlar bilan pardozlanmoqda. Ziyoratgoh hududida o‘ziga xos landshaft dizayni asosida yashil maysazorlar, yo‘laklar barpo etilmoqda. Mahalliy navlar bilan birga xorijdan yurtimiz iqlim sharoiti va tabiiy muhitiga mos noyob daraxt va buta ko‘chatlari keltirib, o‘tqazildi. Hududda tarixiy manbalarda qayd etilgan qadimiy hovuz gilmoya asosida qayta tiklandi.
Majmua oldidan Panjikent ko‘chasiga chiqadigan yangi yo‘l ochilib, atrofida hunarmandlar markazi, mehmonxonalar qurilmoqda. Shuningdek, qadimiy Buxoro ko‘chasi rekonstruksiya qilinib, piyoda yurishga mo‘ljallanmoqda va buning natijasida Registon maydoni, Imom Moturidiy majmuasi hamda Shohi Zinda yodgorligi bitta sayyohlik yo‘nalishi bo‘ladi.
Imom Moturidiy majmuasidagi qurilish va obodonlashtirish ishlarini Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligigacha yakuniga yetkazish rejalashtirilgan.
Mahdumi A’zam ziyoratgohi – tasavvuf maktabining abadiy maskani
Oqdaryo tumanining Dahbed qishlog‘ida joylashgan Mahdumi A’zam ziyoratgohi ham keyingi yillarda keng ko‘lamli qayta qurilish ishlari markaziga aylandi. Bu yerda naqshbandiya tariqatining yirik namoyandasi, tasavvuf ilmining zabardast allomasi Sayyid Ahmad Xoja Kosoniy Dahbediy mangu qo‘nim topgan.
Asli hozirgi Kosonsoy tumanida 1461-yilda tug‘ilgan so‘fiy olim naqshbandiya ta’limotining rahnamolaridan biri bo‘lgan. Yoshlik chog‘ida Farg‘onadagi madrasada savod chiqarib, Samarqandda Xoja Ahror Valiyning shogirdi mavlono Muhammad Qoziy qo‘lida pirlik darajasiga yetishgan. Keyinchalik o‘zi tariqat ilmiga doir 30 ziyod asar yozgan, ko‘plab shogirdlar tarbiyalagan. O‘sha davr diniy ulamolari tomonidan “Mahdumi A’zam” unvoniga loyiq ko‘rilgan. Ilm va din yo‘lidagi uzoq safardan so‘ng, 1528-yilda Samarqand viloyatining Dahbed qo‘rg‘oniga kelib yashagan va 1542-yilda shu yerda vafot etgan.

Ziyoratgohda alloma bilan birga uning yaqinlari, ko‘plab shogirdlari va bu zotni o‘ziga pir deb bilgan o‘z davrining hukmdorlari, hokimlar dafn etilgan. Samarqand hokimi bo‘lgan Bahodir Yalangto‘sh tomonidan XVII asr boshlarida bu yerda masjid, xonaqoh, madrasa qurilgan. Madrasa keyinchalik, turli bosqinchilik yurishlarida vayron etilgan bo‘lsa-da, qadimiy masjid saqlanib qolgan.
– Prezidentimizning alohida e’tiborlari tufayli o‘tgan yil ushbu ziyoratgohda keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi, – deydi Mahdumi A’zam jome masjidi imom-xatibi Olimxon Yusupov. – Davlatimiz rahbarining o‘zlari bu loyiha va qurilish jarayonlari bilan bevosita tanishib bordi. Natijada hudud biroz kengayib, 5 gektarlik ziyoratgoh va uning atrofi obod manzilga aylandi. Eski masjid ta’mirlanib, uning yonidan 920 kishilik qo‘shimcha bino ayvonlari bilan qurildi va masjidning yashovchanligi oshdi. Mahdumi A’zam hazratlari va u kishining yaqinlari dafn etilgan hududda ayvon qurilib, ziyoratchilar uchun qulay sharoit yaratildi. Ziyoratgoh kirish qismida ikkita darvoza barpo etildi. Yurtimizdagi muqaddas qadamjolar orasida birinchi marta shu yerda uch qavatli avtoturargoh qurildi, ikkita tahoratxona, 30 ga yaqin xizmat ko‘rsatish shoxobchalari tashkil etildi. Shuningdek, hududdagi besh asrlik chinorlarni asrab-avaylash choralari ko‘rilmoqda. Chunki, bu daraxtlar ham ziyoratgoh tarixi va qiyofasining ajralmas bir qismi hisoblanadi. Rekonstruksiya ishlaridan so‘ng qadamjo bir vaqtning o‘zida 35 ming nafar ziyoratchini qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Samarqand ziyorat turizmi markaziga aylanadi
Samarqanddagi muqaddas qadamjolarda amalga oshirilayotgan ishlar faqat yangi binolar qurish yoki mavjudlarini ta’mirlash, restavratsiya qilish bilan cheklanmaydi. Bu tarixni asrash, millat xotirasini mustahkamlash, yosh avlod qalbiga ezgulik urug‘ini ekishdek yuksak maqsadlarga xizmat qilayotgan ma’naviy harakatdir.
Shu bilan birga, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Mahdumi A’zam ziyoratgohlari yagona ziyorat yo‘nalishiga birlashtirilib, Samarqandni jahon ziyorat turizmining eng yirik markazlaridan biriga aylantirishga xizmat qiladi.

– Bugun Samarqand zaminida qad rostlayotgan har bir gumbaz, har bir masjid va muzey shunchaki me’moriy inshoot emas. Ular xalqimizning o‘z tarixi, e’tiqodi va buyuk ajdodlariga bo‘lgan yuksak ehtiromining ifodasidir, – deydi “Mahdumi A’zam Dahbediy” ilmiy-tadqiqot fondi raisi, tarixchi va manbashunos olim Komilxon Kattayev. – Avvalo, o‘zimiz buyuk ajdodlarimiz xotirasiga munosib ehtirom ko‘rsatib, ularning boy ma’naviy merosini chuqur o‘rganishga intilsakkina, boshqalardan ham shunday munosabatni kutishga haqli bo‘lamiz. Bugun muhtaram Prezidentimiz tashabbusi va yuksak e’tibori bilan yurtimizda, ayniqsa, Samarqandda ulug‘ allomalarimiz nomi bilan bog‘liq qadamjolar obod etilayotgani, ularning ilmiy-ma’naviy merosi izchil o‘rganilayotgani ana shu ezgu maqsad yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar ifodasidir. Bu ezgu sa’y-harakatlar esa bugunning o‘zidayoq o‘z samarasini berayotganini ko‘rish mumkin.
Samarqandning har bir qarich yeri muqaddas, bu zaminda ulug‘ allomalar, buyuk jahongirlar, olimu fuzalolar izlari bor. Bir necha ming yillik tarixga ega bu yurtga kelayotgan har bir yurtdoshimiz, xorijlik mehmon tarix bilan yuzma-yuz keladi, buyuk allomalar qoldirgan ma’rifat ziyosidan bahramand bo‘ladi. Ulardan meros tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolar esa inson qalbiga ruhiy quvvat berib, ezgulikka chorlaydi, komillik sari yetaklaydi.
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari