E’tibor va sharoit — muvaffaqiyatlar omili
Bugungi kunda xalqaro sport maydonlarida erishayotgan yutuqlarimizga davlatimiz tomonidan sohaga berilayotgan e’tibor, joylarda yaratilayotgan shart-sharoitlar, murabbiy va mutaxassislarning fidoyiligi, mashg‘ulotlarga yangicha tamoyillar joriy etilayotganligi muhim omil bo‘layotganligi sir emas.
Sport vaziri o‘rinbosari Shaxrillo Mahmudov Qarshi shahrida sport sohasi vakillari uchun o‘tkazilgan sayyor qabulda shu haqda so‘z bordi.
Tadbirda ishtirok etgan Qashqadaryo viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i Vahob Ro‘ziyev, MOQ viloyat bo‘limi ijrochi direktori Erkin Vohidov, sport federatsiyalari ijrochi direktorlari, murabbiylar, sportchilarning ota-onalari hamda tizim xodimlari infratuzilmani yaxshilash, moddiy-texnik bazani mustahkamlash borasida qilingan ishlar kelgusida ko‘proq natijalar qayd etishga asos bo‘lishini ta’kidlashdi.

Qashqadaryo viloyati sport infratuzilmasini rivojlantirish, sport-ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash hamda mahoratli sportchilarni saralash, ularning ichki va xalqaro musobaqalarda ishtirokini ta’minlash masalalari yuzasidan murabbiylar va sportchilarning murojaat hamda takliflari tinglandi. Qabul jarayonida ayrim murojaatlar joyida hal etilgan bo‘lsa, ba’zi takliflarni amalga oshirish masalasida tegishli yo‘nalishlar belgilab olindi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA