Estafeta bayrog‘i Sirdaryoga yetib keldi
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganining 34 yilligi munosabati bilan yurtimiz bo‘ylab “Bir Vatan, bir el, bir bayroq!” shiori ostida o‘tkazilayotgan “Bir bayroq ostida” Respublika estafetasi g‘arbiy yo‘nalish bo‘yicha navbatdagi manzili — Sirdaryo viloyatiga yetib keldi.
Mo‘ynoqdan boshlangan ushbu qudratli yurish Xorazm, Buxoro, Navoiy va Jizzax viloyatlari orqali o‘tib, Oqoltin tumanida aholi tomonidan yuksak tantana bilan kutib olindi. Bu yerda 60 metrlik ulkan bayroqning tantanali ko‘tarilishi ishtirokchilarda milliy g‘urur va Vatanga sadoqat tuyg‘ularini yanada yuksaltirdi.

Estafeta Jizzax viloyatining Zomin tumanidan Xovosga ham yetib keldi. Tuman hokimligi maydonida o‘tkazilgan bayram tadbiri, muzeyga uyushtirilgan sayohat va Sirdaryoning tarixiy merosi bilan tanishuv ishtirokchilarda yurt o‘tmishiga nisbatan hurmat va g‘urur tuyg‘ularini kuchaytirdi. Bayroq ranglarida bezatilgan avtokarvon esa tumanda o‘ziga xos bayramona kayfiyat yaratdi.

Estafetaning navbatdagi muhim manzili Guliston shahri bo‘ldi. Erta tongdayoq minglab yoshlarni birlashtirgan yugurish marafoni, harbiy otliqlar yurishi, avtokarvon, velosipedchilar safi va yurish marosimlari shahar ko‘chalariga yuksak ruh bag‘ishladi. Aholining ruhiyatini ko‘targan eng ta’sirli lahza — ulkan bayroqning minglab yoshlar va aholi tomonidan shahar markazi bo‘ylab faxr bilan olib o‘tilishi bo‘ldi.

Shahar markazidagi “Yurt bayrog‘i” maydonida o‘tkazilgan tantanali konsert ham sirdaryoliklarning birdamligi va yurtga sadoqatini yana bir bor namoyon etdi. Tadbirda san’atkorlar, yoshlar, mehnat faxriylari va keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Sirdaryo viloyati bo‘limi rahbari Murodjon Hayitov estafetaga oid fikrlarini shunday izohladi:

– Davlatimiz bayrog‘i shunchaki ranglar birikmasi emas, balki yurtimiz qadr-qimmati, mustaqilligi va taraqqiyotining buyuk ramzidir. Sirdaryoda o‘tkazilgan estafetaning har bir bosqichida xalqimizning yuragi Vatan bilan birga urib turayotganini yana bir bor his etdik. Yoshlarimizning yuzida aks etgan nur, faxr va quvonch — bayroqqa, el-yurtimizga bo‘lgan chuqur hurmatning ifodasi bo‘ldi.

Marosimning asosiy qismida bayroq Sirdaryo viloyati yoshlari va mas’ullari tomonidan Toshkent viloyati delegatsiyasiga tantanali ravishda topshirildi. Harbiy orkestr sadolari ostida bayroqchilar safidagi jasur yigitlar yurishi va faxriylar ishtirokidagi chiqishlar tadbirga yanada shukuh bag‘ishladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri