Eski muammoning yangi massivga xuruji
2015 yildan buyon qurilishi davom etayotgan massivda bugungi kunda 960 dan ortiq xonadon yashamoqda.
Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidagi Batosh mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli, xalq orasida Yangi Batosh mahallasi deya nomlanayotgan namunali loyihalar asosida qurilgan uy-joy massivlarini ko‘rgan kishining ko‘zi quvnaydi. 2015 yildan buyon qurilishi davom etayotgan massivda bugungi kunda 960 dan ortiq xonadon yashamoqda.
Ammo shunday chiroyli massivga yarashmagan bir holat bor. Bu ham bo‘lsa chiqindi muammosi. Mana bir necha yildirki yangi mahallada yashovchi yangi xonadonlarning bu muammosiga tuman mutasaddilari sira e’tibor qaratmayapti. Yangi uy joylar qurilib, ko‘chib keluvchi oilalar soni ortgani sayin chiqindi muammosi ham gazak olib bormoqda.
Mahalla oralab yurar ekansiz, yo‘l yoqalarida yig‘ilib yotgan chiqindilar uyumiga guvoh bo‘lasiz. Daydi itlar makon qilib olgan chiqindi uyumlaridan taralayotgan qo‘lansa hid ta’bni xira qiladi. Hozir qish, kunlar sovuq, ammo yozning jaziramasida bu yerda ahvol qanday holatga kelarkin, tasavvurga sig‘maydi.
– Shu mahallaga ko‘chib kelganimizga bir yildan oshdi, – deydi yangi xonadon sohibalaridan biri Gulchehra Do‘stova. – Yozning issiq kunlarida chiqindilarning hidiga chidab bo‘lmaydi. Pashsha va chivinlar ko‘payib ketadi. Istalgan odam kelib chiqindi tashlab ketaveradi. Uyimizning yoni bo‘lgani uchun bu yerga chiqindi tashlamasligini aytib, qo‘ni-qo‘shnilar bilan bir necha bor janjallashib ham qoldiq. Nima qilaylik, maxsus chiqindi tashlaydigan joy yo‘q. Mashinada ham tozalab olib ketishmaydi. Bir necha bor mahalla raisiga ham aytdik. Lekin hech kim e’tibor qilmaydi. Chiqindixona bo‘lmagandan keyin har kim to‘g‘ri kelgan joyga tashlab ketaveradi-da.
– Bu yerga yozda kelsangiz hamma yoq selofan paket, keraksiz qog‘oz, sabzavotlar po‘stlog‘i qoldiqlariga to‘lib ketadi, – deydi shu yerda yashovchi Aziza Xoliqova. – Farzandlarimizni ko‘chaga chiqara olmaymiz kasalga chalinmasin, deb. Undan taralayotgan qo‘lansa hidga chidash qiyin. Chiqindixona qurib berishini so‘rab, mahalla raisiga ham bordik, sayyor qabullarga ham qatnashdik, lekin natija yo‘q. Yosh oilamiz. Ne-ne orzular bilan ko‘chib chiqqanmiz bu uylarga, axir.
Sun’iy hosil bo‘lgan chiqindi uyumlariga nazar solinsa, bu yaqin oylar ichida tozalanmaganini ko‘rish mumkin. Rost, maxsus joy bo‘lmagach chiqindini qaerga tashlash kerak? Nahotki, massiv tashkil etilganiga 3-4 yildan oshgan bo‘lishiga qaramay tuman mutasaddilari ushbu muammoga barmoq orasidan qarab kelmoqda. Mazkur holat yuzasidan viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xodimlari bilan bog‘landik.
– Hukumatimiz tomonidan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasiga oid qonun-qoidalarni yangi tahrirlari qabul qilinyapti. Buni hammasi atrof-muhitni musaffoligi tabiiy resurslarni kelajak avlodga ziyonsiz yetkazish, ta’sirsiz yetkazish maqsadida qabul qilinmoqda, – deydi Qashqadaryo viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat inspeksiyasi yetakchi mutaxassisi Sherzod Salomov. – Ammo hozirgi kunda fuqarolarimiz tomonidan belgilanmagan joyda chiqindilarni tashlash holati ko‘p kuzatilyapti. Buning oldini olish uchun ekologiya sohasidagi nazorat inspeksiyasi xodimlari tumanlarda, joylarda doimiy ravishda profilaktika ishlarini olib bormoqda. Chiqindilarni tashlash va yig‘ish tartibi qandayligi to‘g‘risida fuqarolarga, kerakli tashkilotlarga, korxonalarga tushuntirish ishlari olib borilishiga qaramasdan doimiy ravishda ushbu holatlar takrorlanmoqda. Jumladan Qarshi tumani Batosh mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli hudud deb aytilayotgan yangi qurilgan aholi turar joylarida ham maishiy va uy-ro‘zg‘or chiqindilari aholi tomonidan pala-partish holatda turli joylarga tashlash holati kuzatilyapti.
– Lekin chiqindi tashlaydigan joy yoki maxsus konteynerlar bo‘lmasa, bunda aholini ayblash to‘g‘rimikan, so‘raymiz undan.
– Albatta, bu to‘g‘risida Qarshi tuman ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat inspeksiyasi, nazorat inspektorlari tomonidan aynan shu mahalla fuqarolar yig‘inlariga ko‘rsatnomalar taqdim qilingan, – deydi Sh.Salomov fikrini davom ettirib. – O‘sha kamchiliklarni bartaraf qilish, chiqindixonalar aholiga qurib berilishi uchun kerakli bo‘lgan aloqador tashkilotlarga yo‘nalishlar ko‘rsatilgan. Ushbu mahalla fuqarolar yig‘ini raislariga ham inspektorlarimiz tomonidan alla qachon ko‘rsatmalar yozma ravishda berilgan, ammo e’tiborsizlik oqibatida mana shunday holatlar kuzatilmoqda.
Tashlab ketilgan chiqindilar turli xil qimmatbaho metallar, shisha idishlar, makulatura, plastik, yerga o‘g‘it bo‘la oladigan oziq-ovqat mahsulotlarining qoldiqlaridan iborat. Albatta ularning ichida ko‘plab xavfli chiqindilar ham mavjud: batareykalar ichidagi simob, flyuorissent lampalardagi fosfor-karbonatlar va maishiy eritmalardagi toksik kimyoviy moddalar, buyoqlar, yog‘och buyumlarni asrash uchun ishlatiladigan turli xil kimyoviy qoplamalar bunga misol bo‘la oladi.
Mazkur holat yuzasidan mahalla raisiga murojaat qildik.
– Bu masala ko‘p o‘rganildi. Tuman hokimligiga murojaat bilan ham chiqqanmiz, – deydi Qarshi tuman Batosh mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Akbar Xidirov. – Hokimlik ko‘rsatmasi bilan toza hudud tashkiloti chiqindi tozalash mashinalari bilan to‘liq ta’minlab qo‘yibdi. Chiqindini har hafta tozalaydi. Bir kirganda tozalab ketyapti. Siz ko‘rgan holat faqat aholining aybi bilan bo‘lyapti. To‘g‘ri, ko‘rinishdan shunday tuyuladi. Chunki odamlar o‘zi to‘lov qilishdan bosh tortadi. Ayrim fuqarolarimiz chiqindini ko‘chaga chiqarib tashlamoqda. To‘lov qilishni xohlashmaganligi sababli. Tushungan odamlar haqiqatdan to‘lovini qilib musor mashinaga ortib yubormoqda.
Boringki, 2017 yildan buyon massivda aholi yashab kelayapti deb hisoblasak, shundan buyon biror marta qaysidir mutasaddi organlarga o‘sha massivga chiqindi to‘playdigan maxsus joy qurib berish taklifi bilan chiqqanmisiz, so‘raymiz mahalla raisidan.
– Og‘zaki taklif bilan chiqqanmiz, lekin yozma ravishda murojaat qilmaganmiz. Uni o‘rganib chiqishyapti, qo‘yib berishga va’da berishgan, – deydi rais fikrini davom ettirib. – Tez kunda bunga kirishamiz. O‘sha hududni konteynerlar bilan ta’minlaymiz. Xudo xohlasa, o‘zgarish bo‘lib qoladi, yaqin kunlarda. Bugundan chuqur kirishamiz bu muammoni hal qilishga.
Mahalla raisining har doimgidek “navbatchi” javoblaridan biri shu bo‘ldi. Rais har hafta mahalladan chiqindilar tozalab ketilayotganini ta’kidladi, ammo biz ko‘rgan manzara bir necha oylardan buyon tozalanganga o‘xshamaydi.
Shu o‘rinda yana bir mulohaza, muammoni ko‘tarishdan maqsad kimnidir tanqid ostiga olish emas, uni yechimini topish va hal etish. Bu o‘rinda fuqarolarni ham to‘liq aybsiz deb bo‘lmaydi. O‘z uyingni o‘zing toza tut, degan naql xalqimiz orasida bejiz aytilmagan. Birdamlikda gap ko‘p. Mahalla aholisi yig‘ilib, homiylik yo‘li bilan ham maxsus chiqindixonalarni qurish mumkin, agar xohish bo‘lsa. Zero tozalik, ozodalik bor joyda qut-baraka bo‘ladi.
Umid qilamizki, Qarshi tuman hokimligi mazkur muammoni e’tibordan chetda qoldirmaydi. Mavzuga yana qaytamiz.