Eski mahallalar o‘rnida zamonaviy hududlar barpo etiladi
O‘zbekistonda shaharsozlik sohasini zamon talablari asosida rivojlantirishga qaratilgan muhim huquqiy hujjat qabul qilindi. 2026-yil 10-iyunda qabul qilingan “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”gi Qonun shahar va aholi punktlarida eskirgan binolarni yangilash, muhandislik infratuzilmasini takomillashtirish hamda aholi uchun qulay yashash muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.
So‘nggi yillarda shaharlar aholisi sonining ortishi, uy-joylarga bo‘lgan talabning kuchayishi va ayrim hududlardagi binolarning ma’nan hamda jismonan eskirishi renovatsiya jarayonlarini huquqiy jihatdan tartibga solish zaruratini yuzaga keltirgan edi. Yangi qonun aynan shu ehtiyojdan kelib chiqqan holda ishlab chiqildi.
Qonunga muvofiq, turar va noturar binolarning eskirgani, avariya holatiga kelib qolgani yoki foydalanish uchun yaroqsiz deb topilishi renovatsiya ishlarini boshlash uchun asos bo‘ladi. Shuningdek, aholining ijtimoiy hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan holatlar ham renovatsiya dasturlarini amalga oshirish uchun muhim omil sifatida belgilangan.
Mazkur qonunning ahamiyatli jihatlaridan biri shundaki, renovatsiya faqat binolarni buzish bilan cheklanib qolmaydi. U hududlarni kompleks ravishda rivojlantirishni nazarda tutadi. Ya’ni eski ob’ektlarni rekonstruksiya qilish, ular o‘rnida zamonaviy binolar qurish, shuningdek yashil hududlar, bog‘lar va jamoatchilik maskanlarini tashkil etish ham renovatsiyaning muhim qismi hisoblanadi.
Soha xodimlarining qayd etishicha, renovatsiya dasturlari amalga oshirilishi natijasida shaharlarning arxitekturaviy qiyofasi yaxshilanadi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari yangilanadi va aholi uchun xavfsiz yashash sharoitlari yaratiladi. Bu esa shaharlarning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish bilan birga iqtisodiy faollikka ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, renovatsiya jarayonlarida fuqarolarning mulkiy huquqlarini ta’minlash masalasi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Qonunda davlat organlari, mulkdorlar va investorlar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solishga alohida e’tibor qaratilgan. Bu esa loyihalarning ochiqlik va qonuniylik tamoyillari asosida amalga oshirilishiga xizmat qilishi kutilmoqda.
Mazkur qonun shaharsozlik sohasida yangi bosqichni boshlab berishi mumkin. Chunki renovatsiya nafaqat eski binolarni yangilash, balki shahar muhitini zamonaviy talablar asosida qayta shakllantirish, aholi turmush sifatini oshirish va hududlarning barqaror rivojlanishini ta’minlashning muhim vositasi hisoblanadi.
Bir so‘z bilan aytganda “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”gi Qonun mamlakat shaharlarini yanada zamonaviy, xavfsiz va qulay hududlarga aylantirishga qaratilgan muhim huquqiy qadam bo‘ldi. Endilikda renovatsiya jarayonlarining aniq huquqiy asoslari yaratilgani shaharlarni kompleks rivojlantirish va aholi manfaatlarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu esa kelgusida shaharlar qiyofasining tubdan yangilanishiga zamin yaratadi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA