ESKATO sharhi taqdim etildi
Iqtisodiy tadqiqotlar markazida BMTning Osiyo va Tinch okeani mintaqasi iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESKATO) tomonidan tayyorlangan yillik sharhning taqdimoti o‘tkazildi.
Iqtisodiy tadqiqotlar markazida BMTning Osiyo va Tinch okeani mintaqasi iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESKATO) tomonidan tayyorlangan yillik sharhning taqdimoti o‘tkazildi.Tadbirda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimiz har tomonlama barqaror rivojlanayotgani, iqtisodiy-ijtimoiy sohalarda erishayotgan yutuqlarimiz xalqaro hamjamiyat tomonidan munosib baholanayotgani alohida ta’kidlandi.
Buyuk Britaniyaning nufuzli “Legatum” xalqaro instituti 2014-yil 4-noyabrda Dunyo mamlakatlarining farovonlik indeksini e’lon qildi. Sayyoramiz aholisining 96 foizi va jahon yalpi mahsulotining 99 foizini qamrab olgan bu reytingda O‘zbekiston 142 mamlakat orasida 57-o‘rinni egalladi. Joriy yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti ko‘magida AQShning Kolumbiya universiteti sotsiologlari tomonidan o‘tkazilgan “Dunyoning eng baxtli mamlakatlari” reytingida Vatanimiz 158 mamlakat orasida 44-o‘rinda, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlari o‘rtasida esa birinchi o‘rinda qayd etildi.
Mamlakatimiz Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha o‘z oldiga qo‘ygan vazifalarni to‘la amalga oshirmoqda. Xususan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya, aholining iqtisodiy farovonligini ta’minlash, samarali davlat boshqaruvi va atrof-muhitni muhofaza qilish kabi sohalarda qator qo‘shma loyihalar bajarildi. Bugungi kunda BMT organlari yurtimizdagi idora va tashkilotlar bilan birgalikda hamkorlik dasturining 2016-2020-yillarga mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqmoqda.
O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulotning yillik o‘sish sur’atlari keyingi o‘n yil davomida 8 foizdan ziyod bo‘lib kelmoqda. O‘tgan yili mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti 8,1 foiz oshdi. Joriy yilda ham shunday yuksak sur’atlarga erishilishi kutilmoqda. Iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ekologiya kabi sohalarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar aholi farovonligi va turmush darajasini muttasil oshirishga xizmat qilmoqda.
ESKATOning yillik sharhida bu jihatlar alohida qayd etilgan.
Tadbirda Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi iqtisodiy va ijtimoiy holatga oid ma’ruza tinglandi.