Esaboylik dehqonlar haqida eshitganmisiz?
Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi Esaboy qishlog‘ilik dehqonlarning sabzavotchilikdagi, ayniqsa, sabzi va sholg‘om yetishtirishdagi boy tajribasi ortidan farovon turmush kechirayotgani, million-million daromad topayotgani haqida ko‘p yozganmiz.
Endilikda omilkor esaboylik dehqonlar bog‘bonchilikni ham yo‘lga qo‘yib xurmo va anjir yetishtirishni yo‘lga qo‘ymoqchi.

Xususan, ayni kunlarda davlatimiz rahbarining topshirig‘iga ko‘ra, Qashqadaryo viloyati bo‘yicha jami 828 ta mahalladagi aholi xonadonlariga 364 ming dona xurmo va anjir ko‘chatlari ekish loyihasi amalga oshirilmoqda.

Shu bois viloyat hokimi Murotjon Azimov tumandagi Esaboy mahallasiga tashrif buyurdi. Viloyat hokimi dastlab aholi xonadonlarida bo‘lib, ularning o‘z tomorqalaridan qay tarzda foydalanayotganligini o‘rgandi.

Aholining mehnatkashligi inobatga olinib, xonadonlarga “Agrobank” tomonidan 10 ming dona xurmo va anjir daraxti ko‘chatlari bepul tarqatildi. Viloyat rahbari xonadonlarga kirib, fuqarolar tomorqasida daraxt ko‘chatlarini o‘tqazish ishlarida ham qatnashib, tomorqadan unumli foydalanish bo‘yicha aholini faollikka chaqirdi.


Shuningdek, Murotjon Azimov esaboyliklar bilan muloqot qilib, mahalla ahlining har yili o‘z tomorqasidan unumli foydalanib, boshqa hududlarga o‘rnak bo‘layotganini e’tirof etdi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri