Eronda miloddan avvalgi birinchi ming yillikka oid artefakt musodara qilindi
Eron huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari mamlakat g‘arbiy qismidagi Xurramobod shahrida paleolit davridan Islom davrigacha bo‘lgan ko‘p miqdordagi arxeologik artefaktni topgan.
Loriston viloyati politsiyasi qo‘mondoni ma’lum qilishicha, amaliyot tarixiy va madaniy ahamiyatga ega buyumlar noqonuniy tashilishi va savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturi doirasida o‘tkazilgan. Tergov davomida qadimiy buyumlar xususiy uyda saqlangani aniqlangan.
Tintuv natijasida 193 qadimiy ashyo musodara qilindi. To‘plamni noqonuniy saqlashda gumon qilingan shaxs hibsga olindi va unga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Topilgan yuk Islom Respublikasi madaniy meros sohasi mutaxassislariga topshirildi. Endi bronza davri va miloddan avvalgi birinchi ming yillikka oid har bir buyumning aniq kelib chiqish sanasini belgilash, haqiqiyligini tasdiqlash va tarixiy qiymatini aniqlash uchun keng qamrovli tekshiruv o‘tkaziladi.
S.Rahimov, O‘zA