Eron urushi: AQSH ilk bor o‘q-dori tanqisligini tan oldi (+video)
AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganidan olti oydan ko‘proq vaqt o‘tib, Qo‘shma Shtatlar rasman Amerika armiyasi o‘q-dori tanqisligiga duch kelganini tan oldi, deyiladi DW tarqatgan xabarda.
Xabarda aytilishicha, Pentagonning AQSH Kongressiga taqdim etgan majburiy hisobotida Erondagi urush oqibatida AQSH Qurolli kuchlarida o‘q-dori yetishmasligi yuzaga kelgani qayd etilgan. Kongressning mustaqil byudjet boshqarmasi hisobotiga ko‘ra, hozirga qadar Erondagi urush AQSHga 38 milliard dollarga tushgan. Pentagon bosh inspektori hisobotidan ma’lum bo‘lishicha, ushbu mablag‘ning 22,3 milliard dollari o‘q-dorilar uchun sarflangan.
«Urush strategik zaxiralarda tanqislik yuzaga kelishiga, shuningdek, sanoat va o‘q-dori zaxiralarini to‘ldirish ta’minoti sohalarida yetishmovchiliklar paydo bo‘lishiga olib keldi», — deyiladi hisobotda.
AQSH prezidenti Donald Tramp Erondagi urush tufayli Amerika armiyasining qurol-yarog‘ zaxiralari qisqarayotgani haqidagi tanqidlarni bir necha bor rad etgan. Ammo, ayni paytda AQSH Qurolli kuchlaridagi qurol-yarog‘ tanqisligi Amerika qurol ta’minotiga qaram bo‘lgan Ukraina va Tayvanda xavotir uyg‘otmoqda.
Shuningdek, Rossiyaga qarshi mudofaa urushi olib borayotgan Ukraina, xususan, Amerikada ishlab chiqarilgan havo mudofaa tizimi uchun raketalarga ehtiyoj sezmoqda.
Tayvan uchun esa Vashington bilan qurol-yarog‘ xaridi bo‘yicha kelishuvlar Pekinni tiyib turish nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega.
Pentagon hisobotiga ko‘ra, Erondagi urush davomida AQSHning yetti nafar harbiy xizmatchisi janglarda halok bo‘lgan, yana yetti nafari boshqa hodisalar oqibatida vafot etgan. Jangovor amaliyotlar davomida 417 nafar amerikalik harbiy yarador bo‘lgan.
Bundan tashqari, AQSH Qurolli kuchlarining qiruvchi va jangovor samolyotlari hamda dronlari yo‘q qilingan.
Shuningdek, hujjatda ta’kidlanishicha, Yaqin Sharqdagi AQSH harbiy bazalaridagi yuzlab bino va inshootlar ham zarar ko‘rgan.
Kenja Bekjonov, Salimjon Obidjonov, O‘zA