Eron tashqi ishlar vazirining Putin bilan uchrashuvi kutilmoqda (+video)
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chiy Moskvada Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashadi, deb xabar berdi DW nashri.
Uchrashuv 27-aprel kuni bo‘lib o‘tadi. Abbos Arag‘chiy Rossiya rasmiylari bilan Eron bo‘yicha tinchlik muzokaralari, o‘t ochishni to‘xtatish va vaziyat rivojini muhokama qiladi.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham bu uchrashuv rejalashtirilganini tasdiqladi. 26-aprel kuni Eron tashqi ishlar vaziri 24 soat ichida ikkinchi marta Islomobodga bordi va u yerdan Moskvaga yo‘l oldi. U shuningdek Omanga ham tashrif buyurgan. Bu davlat ham AQSH va Isroil bilan bog‘liq mojarolarda vositachi sifatida ishtirok etmoqda.
Arag‘chiy 25-aprel kuni ijtimoiy tarmoqdagi chiqishida Pokistonga safari “juda samarali” bo‘lganini aytdi. U Islomobodning “tinchlikni tiklashga qo‘shayotgan hissasi”ni yuqori baholadi.
Shuningdek, u Eronga qarshi urushni to‘liq to‘xtatish bo‘yicha pozitsiyani bayon qilganini aytar ekan, AQSH ning diplomatiyaga qanchalik jiddiy yondashishi ayni damdagi masalalarni yechishda ma’lum bo‘ladi, dedi.
AQSH prezidenti Donald Tramp 25-aprel kuni o‘z vakillariga Islomobodga bormaslikni buyurganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, safarga juda ko‘p vaqt ketadi. “Agar Eron tomoni gaplashmoqchi bo‘lsa, qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin”, — dedi u.
Shu tariqa, AQSH va Eron o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha navbatdagi muzokaralar 25-aprel kuni boshlanmasdanoq tugadi.
Eron tashqi ishlar vazirining Rossiya prezidenti bilan kutilayotgan bugungi uchrashuvi AQSH va Eron o‘rtasidagi ziddiyatning barham berilishiga qanday ta’sir ko‘rsatishi hozircha noma’lum.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/AwqhVvk0xdM" title="Eron tashqi ishlar vazirining Putin bilan uchrashuvi kutilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe> Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA