Eron nima uchun “Tramp yo‘li” tashabbusidan norozi? (+video)
Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida AQSH vositachiligida imzolangan yangi tinchlik bitimi nafaqat Kavkaz mintaqasidagi murakkab geosiyosiy muvozanat, balki Eronning strategik manfaatini ham jiddiy sinov ostiga qo‘ymoqda, deyilgan DW xabarida.
Prezident Ilhom Aliyev va Bosh vazir Nikol Pashinyan Amerika yetakchisi ishtirokida “Tramp yo‘li” deb nomlangan strategik tranzit yo‘lagini ham o‘z ichiga olgan bitimni tasdiqladi. Hujjatda, jumladan, Ozarbayjon bilan ushbu mamlakatning Naxchivon eksklavini Armaniston hududi orqali bog‘laydigan 43 kilometrlik maxsus yo‘lak qurilishi ham nazarda tutilgan. Bu yo‘ldan AQSH 99 yil davomida eksklyuziv foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.
Qo‘shma Shtatlar “xalqaro tinchlik va farovonlik yo‘li” deb atayotgan mazkur loyihaga nisbatan Tehron tomonidan jiddiy e’tiroz bildirilmoqda. Eron tashqi ishlar vaziri 11 avgust kuni “Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi har qanday tinchlik kelishuvini olqishlaymiz”, deya rasmiy bayonot berdi. Shunga qaramay, Islom Respublikasi siyosiy doiralarida bu voqea ortida jiddiy mintaqaviy xavf yashiringani haqidagi keskin fikrlar ham yangrayapti. Eron Oliy Rahbari Oyatulloh Ali Humonaiyning maslahatchisi Ali Akbar Viloyatiy bu yo‘lakni “Eron manfaatiga tahdid” sifatida baholarkan, “Tehron hech qachon bunday loyiha amalga oshishiga yo‘l qo‘ymaydi”, deya bayonot berdi.
Prezident Mas’ud Pezeshkiyon Pashinyan bilan telefon muloqotida tinchlik rejasi Eron manfaatiga ham mos kelishini ta’kidlagan. Binobarin, Tehrondan kelayotgan ma’lumotga ko‘ra, ushbu yangi yo‘lak Eronning nafaqat mintaqadagi geosiyosiy ta’sirini, balki Yevropa va Kavkaz yo‘nalishidagi tranzit harakatini ham cheklaydi. Qolaversa, Ozarbayjon gazi va nefti eksporti masalasida Turkiya va Yevropa bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatilishi mamlakat uchun strategik yo‘qotish hisoblanadi.
Eronning Ozarbayjondagi sobiq elchisi Afshar Sulaymoniy DW nashriga bergan bayonotida shunday degan:
– Bu shunchaki tranzit yo‘lagi emas, balki Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi ta’sir uchun kurashning bir qismi, deyish mumkin. AQSH Ukraina bilan urush oqibatida yuzaga kelgan vaziyatdan foydalanib, Rossiyaning Kavkazdagi ta’sirini kamaytirmoqchi.
Vashingtondagi Jorjtaun universiteti eksperti Shirin Xanter ham shu fikrni qo‘llab-quvvatagan:
– Rossiya Kavkazda avvalgi mavqeini tiklay olmasligi mumkin. Eron esa Rossiyaga yaqin bo‘lgani uchun vaziyat ta’siriga tushyapti. “Tramp yo‘li” – AQSH o‘tgan asr 90-yillaridan beri amalga oshirib kelayotgan strategiyaning mantiqiy davomi. Tramp o‘sha jarayonni jadallashtirdi. U oraga tushib, ikki davlatni murosaga keltirgani diplomatiya yutug‘i sifatida Eronning geosiyosiy cheklanishini yanada kuchaytirishi mumkin.
Eron hozir tashqi va ichki murakkab inqirozga duch kelgan. Mintaqada Isroil bilan keskin ziddiyat, qo‘shnilar bilan sovuq munosabat, ichki siyosiy qatag‘on va aholi orasidagi iqtisodiy norozilik hukumat mavqeini izdan chiqarmoqda. Armaniston bilan munosabat yaxshi, biroq Ozarbayjon haqida bunday deb bo‘lmaydi. Eron bo‘yicha mutaxassis, Leypsig universiteti o‘qituvchisi Rizo Tolibiyning fikriga e’tibor qaratamiz:
– Tehron Armaniston bilan yaqinlashib, Isroilning Ozarbayjondagi ta’sirini cheklashga urindi, lekin natija aksincha chiqdi: Boku va Tel-Aviv aloqalari yanada mustahkamlandi.
Eronda yashovchi ozarboyjonlar sonini aytish qiyin, chunki rasmiy statistikada mamlakatning etnik tarkibi bo‘yicha aniq ma’lumot yo‘q. Manbalarda bu raqam 15-30 million oralig‘ida keltiriladi. Ya’ni, Islom Respublikasida istiqomat qiladigan o‘rtacha 18 millionga yaqin ozarbayjon millatiga mansub aholining aksari G‘arbiy va Sharqiy Ozarbayjon viloyatlarida joylashgan. Bokuda esa “Katta Ozarbayjon” g‘oyasini targ‘ib qiluvchi millatchi oqimlar faollashgan. Bu holat Tehronni ichki barqarorlik nuqtai nazaridan xavotirga solmoqda.
Darvoqe, Prezident Pezeshkiyonning o‘zi ham etnik jihatdan yarim kurd, yarim ozarbayjon. U aprel oyida Bokuga tashrif buyurib, Aliyev bilan ozar tilida muloqot qilgani siyosiy ramz sifatida qabul qilindi.
Xanter ayni alomatlar Eronda tashqi siyosatni qayta ko‘rib chiqish zarurati kun tartibiga chiqayotganiga urg‘u bergan:
– Eron yangi geosiyosiy voqelikka moslashishi, AQSH bilan muammoni ochiq muhokama qilishga tayyor turishi kerak.
Masalaga bunday yondashuv esa Islom Respublikasi 1979 yildan buyon yuritayotgan, Amerika va Isroilga qarshi qaratilgan keskin qarashga zid kelishi mumkin.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/rzzEhz3o_ms" title="Eron nima uchun “Tramp yo`li” tashabbusidan norozi? " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA