Erkin va farovon hayotimizning asosi
Mustaqilligimizning 30 yilligiga
Yana sanoqli kunlardan keyin Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligini nishonlaymiz. O‘ylasang, odamning yuragi hapriqib ketadi. Axir, muqaddas bayram – eng ulug‘, eng aziz bayramimiz. Yurtimizda yashovchi har bir insonning ozod va obod yashashi, huquq va erkinliklari, izzat-hurmati va qadr-qimmatining kafolatiga aylangan milliy mustaqilligimizning o‘ttiz yilligi!
Ha, xalqimiz asrlar davomida orzu qilib, intilib yashagan va nihoyat XX asr so‘nggida erishgan, mamlakatimiz hayoti va taqdirida tub burilish yasagan, tom ma’nodagi buyuk, olamshumul voqea – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligi e’lon qilinganiga o‘ttiz yil to‘ladi.
Ochig‘i, bu muddat tarix uchun juda katta bo‘lmasada, xalqimiz hayotida katta iz qoldirdi. Chunonchi, bu yillar biz uchun favqulodda o‘zgarishlar, tiklanishlar, islohotlar, eng muhimi, jafokash xalqimizning o‘zini, o‘zligini anglash, o‘zini, o‘zligini tanish yillari bo‘ldi.
Kishini yana bir mamnun etadigan jihati, biz istiqlol yillarida O‘zbekistonimizda ko‘p millatli xalqimiz ong-shuurida, qalbida yangicha dunyoqarash shakllanishining ham bevosita, ham bilvosita guvohi, ayni paytda bu jarayonning faol ishtirokchisiga aylandik.
Zero, o‘z-o‘zidan hech bir mehnatsiz, mashaqqatsiz biron natijaga erishib bo‘lmaganidek, mustaqillikni mustahkamlash ham oson kechmadi. Qanchalik murakkab va og‘ir sinovlarga duch kelmasin, mard va matonatli xalqimiz, o‘zining mustahkam irodasini namoyon etib, mustaqillik yo‘liga doimo sodiq bo‘lib kelmoqda. Ayniqsa, keyingi besh yil ichida hayotga tatbiq etilgan keng miqyos va ko‘lamdagi olamshumul islohotlar samarasida Yangi O‘zbekistonda yangicha fikrlaydigan, zamon talablari bilan hamnafas navqiron avlod kamolga yetdi.
Ta’kidlash joizki, bugun jahon miqyosida “Yangi O‘zbekiston” iborasi tilga olinmoqda. Shubhasiz, bu keyingi yillarda taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichiga qadam qo‘yganimiz, erishayotgan zalvorli yutuqlarimizning xalqaro e’tirofidir. Zero bugungi O‘zbekiston – kechagi O‘zbekiston, xalqimiz ham kechagi xalq emas.
Darhaqiqat, o‘tgan yillar mobaynida qanday muvaffaqiyatga erishgan bo‘lmaylik, bunday yutuqda avvalo el-yurtimizning salohiyati va kuch-qudratiga tayanildi, tabiiy boyliklarimizdan oqilona foydalanildi, ulug‘ maqsadlar, yorug‘ kunlar sari dadil qadamlar qo‘yildi.
Hammamiz ko‘rib-bilib turibmiz, so‘nggi besh yil ichida davlat va jamiyat boshqaruvi, sud-huquq tizimini takomillashtirish, mamlakatimizning mudofaa qudratini mustahkamlash, haqiqiy bozor iqtisodiyotiga o‘tish, korrupsiyaga qarshi ayovsiz kurash olib borish bo‘yicha keng miqyosli islohotlar amalga oshirildi. Xususiy mulk va tadbirkorlik uchun yanada keng sharoit va imkoniyatlar yaratib berildi. Makroiqtisodiy barqarorlik ta’minlandi.
Biz bugun faxr va ishonch bilan baralla ayta olamizki, O‘zbekistondagi demokratik jarayonlar endi orqaga qaytmaydigan, muqarrar tus oldi.
O‘tgan yildan beri jahon miqyosida yuzaga kelgan koronavirus pandemiyasi va iqtisodiy inqiroz mehnatkash, sabr- bardoshli xalqimizning irodasini yana bir bor jiddiy sinovdan o‘tkazdi. Xalqimiz shunday og‘ir kunlarda ham o‘zining sabr-matonati, mehr-oqibati va mehnatkashligini namoyon eta oldi, pandemiyaga qarshi qudratli kuchga aylandi.
Qarang, o‘ttiz yil burun tug‘ilgan qiz chaqaloq bugunga kelib bo‘y yetib, turmush qurdi, ona bo‘ldi; o‘g‘il chaqaloq er yetib, ota bo‘ldi. Bir so‘z bilan aytganda, yurtimizda Istiqlol davrining mutlaqo yangi avlodi shakllandi. Xo‘sh, qanday avlod bo‘lib ulg‘aydi bizning izdoshlarimiz?
Zero, mustaqil mamlakatimizda yoshlarga keng yo‘l ochib berilmoqda, ularning ehtiyoj va manfaatlarini ta’minlash, qobiliyat va iste’dodlarini ro‘yobga chiqarish, hayotda o‘z o‘rinlarni topishiga yordam berilmoqda, aynan yoshlarga mas’ul lavozimlar ishonib topshirilmoqda. El-yurtimizning yuksak e’tiboriga sazovor bo‘layotgan yoshlar o‘z salohiyatlari, milliy g‘oyamizga sadoqati bilan O‘zbekistonimizni butun dunyoga tarannum etishadi, albatta.
Hammamizning qalbimizga hayajon soladigan yana bir ulug‘vor voqelik shuki, Yangi O‘zbekistonda mustaqillik sharofati bilan yangi bir uyg‘onish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda. Bu mustahkam poydevor ustiga qurilajak mahobatli inshoot bunyodkorlari sizu biz va,albatta, birinchi navbatda bugungi yoshlarimizdir. Ulkan tarixiy missiyani sharaf bilan ado etmoq hammamizning burchimizdir.
O‘ttiz yillik buyuk Istiqlol davri ayrim sarhisoblarining o‘ziyoq olamshumul yutuqlarimizning ko‘lami va miqyosidan shohidlik berib turibdi. Jumladan, jamiyatda qonun ustuvorligi va sudlarning mustaqilligi ta’minlandi, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar rahbarlarining vakillik organlari va jamoatchilik oldida hisobot berish tizimi yo‘lga qo‘yildi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish borasida tub islohotlar amalga oshirildi.
Shuningdek, mamlakatimizni modernizatsiya qilish, davlat va jamiyat boshqaruvi tizimining sifati va samarasini yanada oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari rolini kuchaytirishga qaratilgan yangilanishlar amaliyotga tatbiq etildi. Bulardan tashqari, “Inson manfaatlari – hamma narsadan ustun”, “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” kabi tamoyillar asosida fuqarolarning ijtimoiy muammolarini hal etish, huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha ulkan natijalarga erishildi.
Ayni paytda iqtisodiyot liberallashtirildi, iqtisodiyot tarmoqlariga ma’muriy ta’sirlar qisqartirildi, raqamli iqtisodiyot joriy etilmoqda, xususiy mulk huquqini himoya qilish va uning ustuvor mavqeini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, valyuta bozori erkinlashtirildi, hududlar ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan kompleks rivojlantirilmoqda.
“Xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi” tamoyilini hayotga joriy etish orqali aholi tadbirkorlikka keng jalb qilindi, biznes yuritish shartlari yengillashtirildi, oilaviy tadbirkorlik va kasanachilik, hunarmandchilikni rag‘batlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratildi. “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Besh muhim tashabbus”, “Bir million dasturchi” kabi ijtimoiy loyihalar hayotga joriy etildi, aholi bandligini ta’minlash, uning real daromadlarini izchil oshirib borish, ta’lim-tarbiya, ilm-fan, madaniyat, san’at va adabiyot, sport sohalari tubdan rivojlantirilmoqda.
Jamiyatda xotin-qizlarning o‘rni va nufuzini, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish borasida ham katta yutuqlarga erishildi. Chunonchi, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash, oila, onalik va bolalikni har tomonlama himoya qilish, yosh qizlarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi uchun ko‘mak va yordam berish, tadbirkor ayollarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasidagi keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi va hokazo. Darhaqiqat, sanoqni uzoq davom ettirish mumkin.
Aynan mustaqillik sharofati bilan dunyoga kelgan, chorak asrdan ko‘proq davr mobaynida izchil faoliyat yuritib kelayotgan, siyosiy maydonda xalqchil va hayotiy g‘oyalari bilan o‘z o‘rni va obro‘siga ega bo‘lgan “Adolat” SDP mustaqilligimizni yanada mustahkamlash, xalqimiz hayotini tubdan yaxshilash, inson huquq va erkinliklari, qonun ustuvorligi va ijtimoiy adolatni ta’minlash, innovatsion taraqqiyotni yanada rivojlantirish borasidagi islohotlarga o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Partiyamiz o‘z saylovoldi dasturida belgilangan – “Adolat har bir inson uchun!, “Qonun va adolat ustuvorligiga erishish – harakatlarimiz mezonidir!” tamoyillarini hayotga tatbiq etishda jonbozlik ko‘rsatmoqda. Biz, partiya a’zolari, faollari, barcha darajadagi deputatlar, shubhasiz, bundan keyin ham Vatan ravnaqi, istiqboli yo‘lida bor kuch-g‘ayratimizni sarflab, pok niyatlar bilan fidokorona mehnat qilishda davom etaveramiz.
Zuhra Ibragimova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari,
“Adolat” SDP fraksiyasi rahbari.